O‘zbekiston iyunda dunyoda eng yirik oltin xaridori bo‘ldi

Jamiyat

image

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston Markaziy banki dunyodagi eng yirik oltin xaridori bo‘ldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida keltirilgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, yozning birinchi oyida dunyo markaziy banklari jami 22 tonna oltin zaxirasini to‘ldirgan. Yil boshidan buyon markaziy banklar tomonidan qimmatbaho metall zaxiralari jami 123 tonnaga oshgan.

Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida asosiy xaridor O‘zbekiston Markaziy banki bo‘lib, bir oy ichida 9 tonna oltin xarid qilgan. Qayd etish joiz, regulyator bunga qadar to‘rt oy ketma-ket oltin sotgan.

Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston Milliy banki. U 7 tonna oltin xarid qilgan. Shuningdek, Xitoy Xalq banki, Turkiya Markaziy banki va Chexiya Milliy bankining har biri 2 tonnadan oltin sotib olgan.

Shuningdek, 1 tonnadan oltin Gana, Qatar, Qirg‘iziston va Filippin markaziy banklari tomonidan xarid qilingan. Iyun oyida yagona yirik sotuvchi Singapur Pul-kredit boshqarmasi bo‘lib, u 6 tonna oltin sotgan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston 2025 yilning birinchi yarmida jami 18 tonna oltin sotib, hali ham eng yirik oltin sotuvchisi bo‘lib qolmoqda. Ikkinchi o‘rinda – 16 tonna bilan Singapur, uchinchi o‘rinda esa ancha ortda qolgan Rossiya Markaziy banki joylashgan.

Yil boshidan beri eng ko‘p oltin xarid qilgan davlat esa Polsha bo‘lib, u 6 oyda 67 tonna oltin sotib olgan. Ikkinchi o‘rinda 35 tonna bilan Ozarbayjon Davlat neft jamg‘armasi, uchinchi o‘rinda esa Qozog‘iston (22 tonna) qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 1 iyun holati bo‘yicha O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 49 mlrd 665 mln dollarni tashkil etgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

oltin Markaziy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing