O‘zbekiston Green Card yutish bo‘yicha dunyoda kuchli uchlikka kirdi
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
15097O‘zbekiston joriy yilning oktyabr oyida AQSHning “Diversity Visa” (Grin Kard Lotereyasi) bo‘yicha eng ko‘p viza olgan uch davlatdan biri bo‘ldi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.
“Sizga shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, Toshkentdagi AQSH elchixonasining Konsullik bo‘limi oktyabr oyi davomida “Diversity Visa” (Grin Kard Lotereyasi) dasturi orqali eng ko‘p sonli immigratsion vizalarni taqdim etish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi”, deyiladi elchixona xabarida.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilgi dastur davomida Toshkentdagi AQSH elchixonasining Konsullik bo‘limi, AQSHning dunyodagi barcha elchixonalari va konsullik bo‘limlariga nisbatan, “Diversity Visa” (Grin Kard Lotereyasi) dasturi orqali eng ko‘p sonli immigratsion vizalarni taqdim etish bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallagan.
Ma’lumot uchun, AQSH hukumati har yili “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi – Diversity Visa” dasturi doirasida 50000 ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQSHga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda AQSHga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi. Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.
AQSH elchixonasi O‘zbekiston fuqarolariga AQSH vizasiga, xususan, Turli millatga mansub immigrantlar vizasi bo‘yicha xususiy firmalarga murojaat etayotganda, ehtiyot bo‘lish kerakligini eslatib o‘tadi. Elchixona viza xizmatlarini taklif etayotgan qalbaki vositachilar, elektron xabarlar, xatlar, veb-sahifalar, telefon qo‘ng‘iroqlari, SMS va nashr etilgan reklamalarni muntazam ravishda olib turadi. Bu uchinchi shaxslarning birontasi ham elchixona bilan bog‘liq emas. AQSH elchixonasi Turli millatga mansub immigrantlar dasturida ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxslarga shuni eslatib o‘tadiki, elchixona va AQSH Davlat departamenti DV Dasturi va uning talablari bo‘yicha yagona rasmiy axborot manbasi bo‘lib hisoblanadi.
LiveBarchasi