O‘zbekiston Global ochlik indeksidagi o‘rnini yaxshilab oldi

Jamiyat

image

Global ochlik indeksining 2020 yildagi natijalari e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston 2019 yildagidan 18 pog‘ona yuqorilab, eng yaxshi mamlakatlar ro‘yxatiga kirdi. 

Qayd etilishicha, Global ochlik indeksida 107 ta mamlakat ishtirok etgan. 

Unda 9,9 gacha ball to‘plaganlar ochlik darajasi past, 10,0 dan 19,9 gacha ball to‘plaganlar ochlik darajasi o‘rtacha, 20,0 dan 34,9 gacha ball to‘plaganlar ochlik darajasi jiddiy, 35,0 dan 49,9 gacha ball to‘plaganlar ochlik darajasi xavotirli, 50,0 dan yuqori ball to‘plaganlar ochlik darajasi o‘ta qo‘rqinchli mamlakatlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

O‘zbekiston mazkur reytingda eng yaxshi deb topilgan 47 ta mamlakat qatorida – 6,7 ball bilan 30-o‘rinni egallagan. 2019 yilda mamlakat 10,7 ball bilan 48-o‘rinni band etgandi.

Mazkur indeks ro‘yxatiga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston ham kiritilgan. 

Qozog‘iston joriy yilda 5,4 ball bilan 21-o‘rinni egallagan va ochlik darajasi past mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan. 2019 yilda ushbu mamlakat 5,5 ball bilan 20-o‘rindan joy olgandi. 

Qirg‘iziston esa 8,4 ball bilan 42-o‘rinni band etgan. 2019 yilda mazkur mamlakat 8,8 ball 35-o‘ringa loyiq topilgan edi. 

Turkmaniston boshqa qo‘shnilar qatorida ochlik darajasi past mamlakatlar qatoridan o‘rin olmagan. U 11,1 ball bilan 52-o‘rindan joy olgan va ochlik darajasi o‘rtacha mamlakatlar qatoriga kiritilgan. 

Bu indeks har bir mamlakat uchun to‘rtta ko‘rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi:

•    to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi;

•    besh yoshgacha bo‘lgan vazni me’yoridan past bolalar ulushi;

•    besh yoshgacha bo‘lgan bo‘yi me’yoridan past bolalar ulushi;

•    besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘lim darajasi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bir yil ichida O‘zbekistonning 48-o‘rindan 30-o‘ringa ko‘tarilishining asosiy sababi, “to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko‘rsatkichining 2017 yildan boshlab qayta hisoblash amalga oshirilganligidir. Qayta hisoblash natijasida “to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko‘rsatkichi deyarli 2,5 barobarga qisqartirilgan va 2016-2018 yillar uchun 6,3 foizdan 2,8 foizga o‘zgartirilgan. Ushbu statistika 2017-2019 yillar uchun 2,6 foiz deb tan olingan edi.

Global ochlik indeksida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, dunyo miqyosida qariyb 690 million kishi to‘yib ovqatlanmaydi. 144 million bola bo‘yning rivojlanishidan aziyat chekmoqda, bu surunkali yetishmovchilik belgisidir. 47 million bola isrofdan aziyat chekmoqda, bu o‘tkir yetishmovchilik belgisi va 2018 yilda 5,3 million besh yoshga to‘lmay vafot etgan.  

2020 yilgi global ochlik indeksiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ochlik o‘rtacha darajada. Ushbu o‘rtacha qiymat asosida ma’lum mintaqalar, mamlakatlar va jamoalarda katta muammolar mavjud. 

Afrika va Janubiy Osiyoda ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik darajasi dunyo mintaqalari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega, 2020 yilgi GOI ko‘rsatkichlari mos ravishda 27,8 va 26,0 ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlarning ikkisi ham jiddiy hisoblanadi.

Karim Zaripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Global ochlik indeksi

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar