O‘zbekiston Global innovatsion indeksda 93-o‘rinni egalladi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2020
3808Joriy yilning 2 sentyabr kuni Butun Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi 2020 yil “Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?” mavzusidagi 13-soni e’lon qilindi. Har yili 24 iyul sanasida chop etilishi an’anaga aylangan nashr bu yilgi pandemiya ta’siri ostida kechiktirilgani ma’lum qilingan edi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Xo‘sh, bu yilda dunyo mamlakatlarining innovatsion faoliyatidagi dinamikasida qanday o‘zgarishlar yuzaga keldi?
O‘zbekiston Respublikasi so‘ngi marotaba 2015 yil ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlatlar ichida 122 o‘rinni egallagani ma’lum. 2020 yilda O‘zbekiston 131 dan ortiq dunyo mamlakatlari ichida 93 o‘rinni egalladi.
2020 yilda 80 ta ko‘rsatkichlardan iborat bo‘lgan Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida Institutsional rivojlanish (Institutions), Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research), Infratuzilma (Infrastructure), Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs) va Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yo‘nalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishganini ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda, Global innovatsion indeks reytingda yetakchilik qilayotgan davlatlar, respublikamizga qo‘shni bo‘lgan va boshqa ayrim iqtisodiyotlarning ham 2020 yildagi erishgan natijalarini keltiramiz. Shveysariya- 1 o‘rin, Rossiya – 47 o‘rin, Qozog‘iston – 77 o‘rin, Qirg‘iziston – 94 o‘rin, Tojikiston – 109 o‘rinni egallagan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5544-sonli “2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiya to‘g‘risida”gi Farmonida asosiy vazifalardan biri etib 2030 yilga qadar respublikamizni Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlatlar qatoriga kiritilishi belgilangan.
“2020 yil O‘zbekiston Global innovatsion indeksiga qaytdi. Mana shu qaytishning o‘zi yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasidir. O‘zbekistonning 93-o‘rinda bo‘lishi hozirgi paytda ilm-fanga berilayotgan e’tibor, innovatsion rivojlanishiga qaratilgan resurslarning samarasidir. Oxirgi yillarda ilm-fanga kiritilgan investitsiyalar, nomativ-huquqiy hujjatlar bazasining shakllantirilishi, eng muhimi, olimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va ijod erkinligi Global innovatsion indeksdagi o‘rnimizni belgiladi. Buni kelajakda ilm-fan va innovatsiyalarga katta investitsiyalarni jalb qilish uchun bir qadam deb hisoblash mumkin”, deb sharh berdi mazkur mavzu yuzasidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli davlat boshqaruv organlari va idoralari bilan yaqin hamkorlikda so‘ngi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishini ta’minlashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan,
Global innovatsion indeks xalqaro reytingi asoschilari va 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlari bilan bir qator uchrashuvlar va muzokaralar olib borish orqali hozirgi kunga qadar O‘zbekistonning reytingga kiritilishi uchun to‘siq bo‘lib turgan muammolar o‘rganildi.
O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun taqdim etilmagan va eskirgan ma’lumotlar ro‘yxati yuqoridagi hamkorliklar natijasida shakllantirildi va belgilangan xalqaro talablar asosida taqdim etish masalalari hal etildi.
O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi va mavjud muammolarni tizimli ijobiy hal etish maqsadida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘plab rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, 2019 yil 29-31 oktyabr kunlari InnoWeek.uz 2019 innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Butun Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti rahbariyati, Elsevier vakillari va boshqa xorijiy tashkilotlar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasini Global innovatsion indeks reytingidagi o‘rnini yaxshilash” mavzusida davra suhbati tashkil etilgan.
Global innovatsion indeks 15 ta xalqaro indekslar, 4 ta Jahon iqtisodiyot forumi (World Economic Forum) tomonidan olib boriladigan so‘rovnomalar va 61 ta ko‘rsatkichlarga tegishli miqdoriy statistik ma’lumotlardan tashkil topgan. 2015 yil holati bo‘yicha o‘rganilganda, respublikamiz ushbu reytingda 141 ta davlatlar ichida ma’lumotlarning yetarli darajada emasligi va mavjud statistik ma’lumotlarning eskirganligi bo‘yicha 4-o‘rinda deb topilganligini inobatga olgan xolda, O‘zbekistonning 2020 yilda ushbu reytingda aks etishi ham xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Mamlakatdagi innovatsion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda e’tirof etib kelinmoqda. Jumladan, Global innovatsion indeks nashrining bu yilgi sonida mamlakatning innovatsion faoliyatidagi o‘zgarishlariga to‘xtalib, so‘ngi yillardagi davomiy va tizimli islohotlarning natijasi O‘zbekistonning Global innovatsion indeksga 2020 yilda kiritilishi va O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida to‘rtinchi o‘rinda ekanligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi