O‘zbekiston Germaniyaning takliflarini qabul qiladimi?
Olam
−
22 may 2019
6349Avval xabar berganimizdek, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer joriy yilning 27-29 may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelyapti.
Frank-Valter Shtaynmayer poytaxt Toshkentda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi. Tashrif doirasida Xivaga safar qilinadi. Toshkentdagi ikki tomonlama muzokaralar va Xivadagi diqqatga sazovor joylarni borib ko‘rishdan tashqari, Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyat bilan tanishish ham kiritilgan.
Ekologiyani asrash borasida ko‘p yillik tajriba va yangi uslublarga ega bo‘lgan Germaniya, O‘zbekistonga atrof-muhitni asrash va infratuzilmani rivojlantirish borasida bir qator takliflar kiritgan. Prezidentlarning muzokaralari davomida mazkur masalalar ham muhokama etilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lgan va mamlakatning ekologik muhiti, iqlimi bilan yaxshi tanish mutaxassis – Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligining Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilish bo‘limi direktori, doktor Yurgen Kaynxorst ma’lum qildi.
Germaniyada bo‘lib qaytgan QALAMPIR.UZ jurnalistiga ko‘ra, ushbu vazirlik ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ulardan biri – Markaziy Osiyo cho‘li tashabbusi. Loyiha mo‘’tadil cho‘llarni himoya qilish va barqaror ishlatishga qaratilgan. Ikkinchi loyiha – Quyi Amudaryo esa Amudaryoda suv yo‘qotilishi va o‘rmonlarning yo‘q bo‘lib ketishi xavfi bilan bog‘liq.
Kaynxorst o‘z so‘zida Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, kuchli issiqqa to‘xtaldi. “Haroratning yil sayin yuqorilab borishi agrar sohada juda katta muammolarni keltirib chiqarishi bilan birga, yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi Kaynxorst.
“Balki siz ham mintaqada joylashgan tog‘ cho‘qqilaridagi muzliklar sezilarli qisqarib borayotgani va erishini kuzatayotgandirsiz. Bu haqda qayg‘urish, vaziyatni o‘nglashga harakat qilish bizning burchimiz. Shu kabi ekologik muammolarning yechimini topish va yangi takliflar berish idoramizning asosiy vazifasi. Germaniya mas’uliyatni his qilgan holda, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor va bundan manfaatdormiz”, deydi Yurgen Kaynxorst.
Germaniyalik tajrabali mutaxassisga ko‘ra, Prezident Shtaynmayerning tashrifi, mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar va hamkorlik eshigini ochadi. Bu esa ko‘proq O‘zbekiston tarafining takliflarni qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi irodasiga bog‘liq. U masalaga to‘xtalarkan, Prezident Mirziyoyev iqtidorga kelishi bilan O‘zbekiston siyosatidagi ochiqlik yaqqol ko‘zga tashlanganini qayd etdi:
“Biz hamkorlikka tayyormiz. So‘nggi qarorni esa albatta O‘zbekiston hukumati qabul qiladi”.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya federal atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash va yadroviy xavfsizlik vazirligining Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilish bo‘limi direktori, doktor Yurgen Kaynxorst UzWaterAware loyihasi doirasida tashkil etildi. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida o‘zbekistonlik jurnalistlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari 4-13 may kunlari Germaniyada bo‘lib qaytdi.
Fotomuxbir Asqar Yakubov
LiveBarchasi