O‘zbekiston fuqaroligini olish soddalashtirilyapti

Olam

image

Endi chet davlat fuqarosi bo‘lganlar yoki umuman fuqarolikka ega bo‘lmaganlar O‘zbekistonga 1 mln AQSH dollari investitsiya kiritish orqali mamlakat fuqaroligini olishi mumkin. Bu haqdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Ushbu Qonunda katta hajmda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy sarmoyadorlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, qonunda taklif etilayotgan yangi norma davlatning investitsiyaviy jozibadorligi oshirishga, respublika investitsiya muhitida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishga va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Qonunning 20-moddasi quyidagi tahrirda uchinchi qism bilan to‘ldirilmoqda:

“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 mln AQSH dollari ekvivalentida sarmoya kiritgan jismoniy shaxsga yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va san’at arbobiga nisbatan tadbiq etiladi”.

uchinchi – yettinchi qismlar tegishincha to‘rtinchi – sakkizinchi qismlar deb hisoblanadi.

38-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” DUK yoki Davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 mln AQSH dollari ekvivalentida sarmoya kiritganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlashi kerak.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirishi, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlari kerak. 

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing