O‘zbekiston FIFA reytingida ikki pog‘ona yuqoriladi
Sport
−
20 iyun
9100Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) milliy terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi ikki o‘ringa yuqorilab, 62-pog‘onani egalladi.
O‘zbekiston Osiyo jamoalari ichida 8-o‘rinni band etdi. Osiyo jamoalari orasida eng yaxshi natijani Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya egalladi. Yangilangan jadvalda Yaponiya 17, Eron 20, Janubiy Koreya esa 22-o‘rinlarda qayd etildi.
Reyting peshqadami esa amaldagi jahon chempioni Argentina hisoblanadi. 2-o‘rin fransuzlarga tegishli bo‘lsa, kuchli uchlikni Yevro-2024 da omadi kelmayotgan Belgiya terma jamoasi egalladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining so‘nggi o‘yinini 2026 yilgi Jahon chempionati saralash uchrashuvlari doirasida Eronga qarshi o‘tkazib, durang natija qayd etgandi.