O‘zbekiston FIFA’dan 25 mln dollar olishi mumkin

Sport

−

image

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2027-2030 yillarda tashkilotga a’zo 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biri uchun, jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ham ajratiladigan mablag‘ni 25 million dollargacha oshirishni taklif qildi. Bu haqda FIFA rasmiy saytida xabar berildi.

Mazkur taklif kecha, 15 oktyabr kuni tashkilot rahbariyati yig‘ilishida taqdim etilgan. Yangi tashabbusga ko‘ra, kelgusi to‘rt yil davomida futbolni rivojlantirishga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi ikki barobardan ko‘proqqa oshirilib, 6,35 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu maqsadda FIFA zaxiralarining bir qismidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, tashabbusni amalga oshirish imkoniyatiga 2026 yilgi Jahon chempionatidan kelgan yuqori tijorat daromadlari ham zamin yaratgan.

Mablag‘larni taqsimlash rejasi FIFA’ning tegishli qo‘mitalari tomonidan puxtalashtiriladi. Shundan so‘ng, taklif 2026 yil dekabr oyida tashkilot Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Tashabbusni yakuniy tasdiqlash esa 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan FIFA’ning 77-kongressida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotdagi maoshidan tashqari, 2026 yilgi Jahon chempionatini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyadan ham 1,76 million dollar olgani, biroq ushbu to‘lovlar FIFA’ning hisobotlarida aks ettirilmagani haqida ham xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing