O‘zbekiston dunyoga 3 million mardikor yetishtirib berdi – Jamoatchilik
Jamiyat
−
12 Oktabr 2019
13176Ayni vaqtda 3 million o‘zbekistonlik dunyoning turli mamlakatlarida mardikorlikka yonlangan. Bu haqda 9 oktyabr kuni “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan “Munosabat” tok-shousida so‘z bordi.
Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashi tomonidan joriy yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror muhokama qilingan.
Unda qayd etilishicha, To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishida har bir tashkilotga alohida vazifa belgilangan. Jumladan, dabdabali to‘ylar qilib, belgilangan Nizomdan tashqariga chiqqanlar uchun yo ma’muriy jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha hujjat ishlab chiqish yuzasidan Adliya vazirligiga topshiriq berilgan.
Jurnalist Quddus A’zamning qayd etishicha, bunday to‘ylarni “ministr” qilmasa, uning qo‘l ostidagilar qilolmaydi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari – senator Maqsuda Vorisovaning qayd etishicha, agar Nizomning biror bandi buzilsa, bu qonun buzilishi sifatida qabul qilinadi.
Ko‘rsatuvda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda dabdabali, o‘ylab topilgan urf-odatlarga mos to‘y qilish ortidan minglab odamlar chet davlatlarga ketyapti. Ishlab kelib, yillar davomida topgan pulini bir kunda havoga sovuryapti. Bu ham yetmagandek, qarzga botib, og‘ir xastaliklarga chalinmoqda.
Quddus A’zamning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda O‘zbekistondan chiqqan mardikorlar soni 2,5 million, hatto, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 3 milliondan ortgan. “Ertaga 5 million bo‘lamiz, keyin butun dunyoga shu bilan tanilamiz”, deydi jurnalist. Bunga nisbatan “Faqat mardikor yetishtirib beramiz”, deydi Maqsuda Vorisova.
Masalaga Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova qo‘shildi: “To‘ylarda pul sochayotganlarning yarmi ertaga qarz to‘lagani ketadi”, deydi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr