O‘zbekiston dunyodagi eng kichik davlatlardan biri bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi
Jamiyat
−
05 fevral 2021
9916Joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi protokolni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marinodan esa mamlakatning Italiyadagi elchisi Daniela Rotondaro imzolagan.
Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgach, protokol kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlatga aylanadi.
San-Marino elchisi ikki tomonlama munosabatlarni savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi bilan yaqin aloqada bo‘lgan San-Marino O‘zbekiston kompaniyalari va eksportchilariga Yevropa bozorlariga chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri (maydoni - 61 kvadrat kilometr) hisoblanadi. Mamlakat Janubiy Yevropada joylashgan va to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. Dunyodagi eng qadimgi konstitutsiyalardan biri amal qiladigan San-Marino uning zamonaviy chegarasi e’tiborga olinganda Yevropaning eng uzoq tarixga ega davlati hisoblanadi (eramizning 301 yili). Bundan tashqari, San-Marino aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi (2020 yil – 56 ming 690 dollar) bo‘yicha dunyodagi eng boy mamlakatlardan biridir.
LiveBarchasi