O‘zbekiston diniy sohasi og‘ir judolikka uchradi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida islomiy ilm-ma’rifat taratib kelayotgan xalqimizning e’tiborli ulamolaridan Nasriddinxon Mubinjon o‘g‘li Atoyev kecha, 15 aprel kuni muqaddas Ramazon oyining muborak juma kunida 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi. 

Xalq orasida eshonbobo nomi bilan mashhur bo‘lgan Nasriddinxon Atoyev 1958 yil 15 may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Bolaligidan boshlab imon-e’tiqodli oilada tarbiya topib, diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan Atoyev mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘z hayotini diniy qadriyatlarni tiklash va targ‘ib etishga bag‘ishlab, bu sohada alohida jonbozlik ko‘rsatgan. 

Oliy diniy bilim olish maqsadida Toshkent islom institutiga o‘qishga kirgan va 1996 yili muvaffaqiyatli tamomlagan.

“Nasriddinxon eshonboboning umri ham ilm va hikmatda o‘tdi. Ilm va ezgulikka baxshida bo‘lgan hayot asrlarga tatiydi. Chunki bu inson odamlarga yaxshilik ulashish, muqaddas ziyoratgohlarni obod etish, Navoiy xalqining ma’rifati yo‘lida fidokorona mehnat qildi. Zero, Payg‘ambar alayhissalom ham “Sizlarning yaxshilaringiz, umri uzoq bo‘lib, amallari yaxshi bo‘lganingizdir”, deb aytganlar”, deyiladi idora xabarida.

Nasriddinxon Atoyev muqaddas Islom dini asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1992-2003 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” masjidida imom-xatib, 2003-2010 yillarda viloyat bosh imom-xatibi, 2010 yildan buyon viloyat faxriy imomi, shuningdek, Navoiy viloyati “Chashma” tabiiy-me’moriy majmuasiga mehr qo‘yib, 2018 yildan Navoiy viloyati direksiyasi direktori vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

Nasriddinxon Atoyevning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi ta’ziya bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1662

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing