O‘zbekiston daryo suvi uchun Qirg‘izistonga 240 ming dollar to‘lagani ma’lum qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Qozog‘iston daryo suvidan foydalanayotgani uchun Qirg‘izistonga pul to‘lamoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Suv resurslari xizmati direktori Almazbek Sokeyevga tayanib, "Kaktus" nashri xabar berdi.

Sokeyevning aytishicha, O‘zbekistondan o‘tkazilayotgan mablag‘lar yildan yilga ko‘paymoqda. 

“Qozog‘iston har yili mablag‘ ajratadi. Lekin buni bizga o‘tkazmaydi, biror bir ish bajaradi. Masalan, mamlakatlararo foydalaniladigan suv ob’ektlarini ta’mirlaydi. Kirov suv omborida katta mablag‘ talab qiladigan darvozani almashtirib berishdi. Har yili ta’mirlash ishlariga 179 million tenge (401,8 ming dollar) sarflaydi”, degan Sokeyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Qozog‘iston bilan bu kabi ishlarni bajarmasdan, faqat ob’ektlarni saqlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

“Chunki biz o‘z kuchimiz bilan ta’mirlaymiz, pudratchilarimiz yo‘q. O‘zbekiston pul o‘tkazmoqda. Ular har yili to‘lanadigan mablag‘ni ko‘paytirmoqda. 2023 yilda 240 ming dollar bergan bo‘lsa, bu yil 280 ming dollar to‘laydi. 2025 yilda esa undan ham ko‘proq bo‘ladi. Ular ko‘payadi. Ya’ni, ajratilayotgan mablag‘larning har yili o‘sishi kuzatilmoqda”, degan Qirg‘iziston Suv resurslari xizmati direktori.

O‘zbekistondan oqib o‘tuvchi aksariyat daryolarning manbai Qirg‘iziston hududida joylashgan. Qirg‘iziston tog‘liklaridan boshlanuvchi Sirdaryo Farg‘ona vodiysi, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan qishloq xo‘jaliklari, zavod va fabrikalarni suv bilan ta’minlaydi. Iqlim isib borishi oqibatida daryoni suv bilan ta’minlovchi muzliklar erib bormoqda. Qirg‘iziston hukumati esa, daryo suvining to‘g‘ri sarflanishini nazorat qilishiga, qo‘shimcha gidroinshootlar qurishiga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston va O‘zbekiston shu sabablarga ko‘ra Qirg‘izistonga pul to‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston qish oylarida Qirg‘izistonga elektr energiyasi eksport qilishiga ham aynan transchegaraviy daryolar masalasi sabab bo‘lmoqda. Iqlimshunos olim Erkin Abdulahadovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo, xususan, Qirg‘iziston tog‘liklaridagi muzliklar iqlim o‘zgarishi sabab erta bahordayoq erimoqda. Natijada, daryo suvlarining ko‘payish vaqti qishloq xo‘jaligida suvga ehtiyoj yuqori bo‘lmagan davrga to‘g‘ri kelyapti. Shu sababdan, O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga daryo suvlarini suvomborlarida saqlab qolishi uchun qish va bahor oylarida elektr energiyasi eksport qiladi. Ya’ni, suvning oqib o‘tishi hisobiga ishlaydigan gidroelektrostansiyalaridan olinadigan elektr energiyasi ehtiyojini O‘zbekiston qoplab beradi. 

Yaqinda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qo‘shni davlatlarga qancha suv kerak bo‘lsa shuncha suv berishlarini aytdi:

“Qambarota-1 GES qurib bitkazilgach, biz undan qishda elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanib, sug‘orish mavsumida qo‘shnilarimizga To‘xtagul GESida to‘plangan suvni yetarli miqdorda berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, degan edi Prezident Sadir Japarov.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing