O‘zbekiston chegaralari “Bayraktar” droni bilan qo‘riqlanayotgani ma’lum bo‘ldi (video)
Jamiyat
−
15 yanvar 8882 2 daqiqa
O‘zbekiston chegaralari Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" dronlari bilan kuzatib borilmoqda. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-polkovnik Bahodir Qurbonov joriy yilning 13 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilgan.
Uning qayd etishicha, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimiga zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish jarayonida davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan. 1117 km optik tolali aloqa liniyasi tortilgan.
Chegara qo‘shinlari avtozirhli texnikalar bilan 18 foizga, suzish vositalari bilan 86 foizga, qurol-aslaha va o‘q dorilari bilan 100 foizga elektron optik vositalar bilan 78 foizga butlangan.
“Bo‘linmalar zamonaviy uchuvchisiz apparatlar bilan ta’minlandi. "Bayraktar" uchuvchisiz uchish apparati bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Jangovar tayyorgarlik tadbirlari intensivligi va sifat ko‘rsatkichlari oshirildi”, deydi general.
O‘zbekiston Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" droniga xaridor bo‘lgani va qancha dron sotib olingani haqida rasmiy axborot berilmagan. Mamlakatda Turkiyaning uchuvchisiz uchish apparati borligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrif chog‘ida e’lon qilingan suratda ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston nafaqat Turkiyaning "Bayraktar" dronlaridan foydalanmoqda, balki mahalliy "Lochin" brendi ostidagi dronlarni ham ishlab chiqarmoqda va yaqin kelajakda Turkiyadan "ANKA" dronlarini sotib olishi kutilmoqda.
Bayraktar droni
“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi droni. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.
Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.
Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.
“Bayraktar” dronlarining muallifi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor hisoblanadi.
Live
Barchasi