O‘zbekiston chegara rejimini buzganlar 3 yilgacha “deport” qilinadi
Jamiyat
−
16 fevral 2022
7965Endi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda qo‘llanilgan jarimani to‘lamasa, O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuboriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda belgilangan.
Mazkur Kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda (224-1-modda) qo‘llanilgan jarimani to‘lamasa, O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuboriladi. Ilgari jarima to‘lashidan qat’i nazar O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.
Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilganda keyinchalik O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanish muddatini qo‘llashga aniqlik kiritildi.
Shunga ko‘ra, davlat chegarasi rejimini birinchi marta buzib o‘tganda 1 yil muddat, ikkinchi marta sodir etilganda 3 yil muddat O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, ma’muriy tarzda chiqarib yuborish jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llaniladi.
LiveBarchasi