O‘zbekiston baxt indeksida bir pog‘ona pasaydi
Bu qiziq
−
09 noyabr 2022
4953BMT global tashabbusi bo‘lgan The World Happiness Report nashri tomonidan har yili tayyorlanadigan “Baxt indeksi”ning yangi natijalari e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston 53-o‘rinni egalladi.
Mamlakat 2020 yildagi natijalarga ko‘ra 15 pog‘ona pastga tushgan. O‘tgan yili ushbu indeksda O‘zbekiston 52-o‘rindan joy olgandi.
Reytingni tuzishda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot darajasi, umr ko‘rish davomiyligi, fuqarolarning erkinliklari, xavfsizlik va kelajakka ishonch hissi, oila barqarorligi, ish bilan ta’minlanganlik, korrupsiya darajasi, shuningdek, bilvosita aholi farovonligi ko‘rsatkichlari hisobga olingan. Bundan tashqari, ishonch darajasi, saxovatlilik kabi jamiyat holatining ko‘rsatkichlari ham sanab o‘tilgan.
O‘zbekiston ilk bor ushbu indeksga 2013 yilda kiritilgan bo‘lsa, o‘tgan 9 yil davomida 7 pog‘onaga ko‘tarilgan. Mamlakat 2018 yilda 44-, 2019 yilda 41-, 2020 yilda 38-o‘rinni egallagan edi.
Ushbu indeksning kuchli beshligidan Finlyandiya, Daniya, Islandiya, Shveysariya, Niderlandiya o‘rin olgan.
Dunyoning eng baxtsiz mamlakatlar beshligini Botsvana, Ruanda, Zimbabve, Livan, Afg‘oniston kabi davlatlar to‘ldirib turibdi.
Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari – Qozog‘iston 40-o‘rinni, Qirg‘iziston 64-o‘rinni, Turkmaniston 78-o‘rinni, Tojikiston 83-o‘rinni band etgan.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlari – AQSH 16-o‘rinda, Rossiya 80-o‘rinda, Xitoy 72-o‘rinda, Germaniya 14-o‘rinda, Buyuk Britaniya 17-o‘rinda bormoqda.
Samandar Haqqiyev
LiveBarchasi