O‘zbekiston BAA bilan birga investitsiyalarni himoya qiladi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2480 2 daqiqa
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantiradi va himoya qiladi. Bu haqda Prezidentning kecha, 15 sentyabr kuni qabul qilingan “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida imzolangan Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan.
Qayd etish joiz, ushbu bitim joriy yilning 15 yanvar kuni Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida imzolangandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya ham imzolangandi. Shuningdek, Moliyaviy-texnik hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, investitsiyalar, sanoat va ilg‘or texnologiyalar, adliya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, foydali qazilmalar sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida idoralararo bitimlar hamda Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Diplomatik akademiyalar o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqalar imzolangan.
Live
Barchasi