O‘zbekiston “ArMI – 2020” xalqaro o‘yinlarining ikki tanloviga mezbonlik qilmoqda (fotoreportaj)
Jamiyat
−
26 avgust 2020
4988O‘zbekiston ilk marotaba armiya xalqaro o‘yinlarining ikki tanlovi – “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Yo‘l patruli” musobaqalariga mezbonlik qilyapti.
Bu yil “ArMI – 2020” Armiya xalqaro o‘yinlari 23 avgustdan 5 sentyabrga qadar 5 davlat: Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus va O‘zbekiston Respublikalari hududlarida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu muddat davomida xalqaro musobaqalarning 30 dan ortiq tanlovlarida dunyoning 30 mamlakatidan tashrif buyurgan 160 dan ortiq jamoalari, tarkibida minglab o‘z kasbining ustasi bo‘lgan professional, eng ilg‘or harbiy mutaxassislar g‘oliblik uchun bahs olib boradilar.
Kecha, 25 avgust kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan harbiy qismda “Yo‘l patruli” va Jizzax viloyatida joylashgan Markaziy harbiy okrugining “Forish” tog‘ poligonida “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovlari tantanali ravishda ochildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, mas’ul ofitserlar, ishtirokchi davlatlar jamoalari vakillari, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimlaridan so‘ng harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, maxsus texnikalar ko‘rgazmasi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat bo‘limlari mutaxassislari, avtomobil texnikasi ustalari va yosh sportchilarning namoyishlari taqdim etildi.
Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan “ArMI-2020” VI Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida “Harbiy-tibbiy estafeta” bahslarining “Individual mahorat” sharti jangovar quroldan o‘q otish mashqi bilan boshlandi.
“Forish”dagi musobaqada O‘zbekiston ikkita – asosiy va tanlovdan tashqari yana bir jamoasi bilan ishtirok etmoqda. “Harbiy-tibbiy estafeta”da ilk bor kuch sinashayotgan falastinliklar faqat erkaklar jamoasi bilan tashrif buyurgan.
Xalqaro armiya o‘yinlarining ishtirokchi mamlakatlari erkak va ayollar jamoalari AK-74 avtomatidan 100 metr hamda PM pistoletidan 25 metr masofadagi nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha merganlik mahoratlarini namoyish etdi. Ikkala quroldan o‘q otish mashqida ham ishtirokchilarga qurolga moslashish uchun 5 tadan o‘q, musobaqa shartini 1 va 4 daqiqa ichida bajarish uchun 10 tadan o‘q berildi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mas’ul harbiy xizmatchilaridan iborat arbitr va texnik xodimlar otish amaliyotining me’yorlarga binoan xavfsiz va adolatli o‘tishini nazorat qilib bordi.
Mazkur shartning yakuniga ko‘ra, individual birinchilikda peshqadamlar ro‘yxati qo‘yidagicha ko‘rinish oldi:
Makarov pistoletidan o‘q otish (erkaklar):
1-o‘rin Bobojon Elmurodov – O‘zbekiston (179 ball);
2-o‘rin Andrey Malaxov – Rossiya (167 ball).
3-o‘rin Sergey Filatov – Rossiya (163 ball).
Makarov pistoletidan o‘q otish (ayollar):
1-o‘rin Violetta Kisten – Rossiya (173 ball);
2-o‘rin Larisa Xolmamatova – O‘zbekiston (170 ball);
3-o‘rin Nadejda Malaxova – Rossiya (107 ball).
Kalashnikov avtomatidan o‘q otish (erkaklar):
1-o‘rin Shohruh Ibragimov – O‘zbekiston (191 ball);
2-o‘rin Aslan Bidjiyev – Rossiya (187 ball);
3-o‘rin Valijon Vegaliyev – O‘zbekiston (185 ball).
Kalashnikov avtomatidan o‘q otish (ayollar):
1-o‘rin Saidaxon Abdumo‘minova – O‘zbekiston (181 ball);
2-o‘rin Arina Pastushenko – Rossiya (181 ball);
3-o‘rin Liliya Manasipova – O‘zbekiston (179 ball).
3-o‘rin Darya Korvel – Belorussiya (179 ball).
Haydovchilar:
1-o‘rin Van Dang – Vetnam (182 ball);
2-o‘rin O‘rmonbek O‘rmonov – O‘zbekiston (180 ball);
3-o‘rin Xayrullo Olimov – O‘zbekiston (177 ball).
Ta’kidlash joizki, tibbiy xizmat polkovnigi Abdug‘ani Yuldashev rahbarligida tanlovdan tashqari mazkur “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqalarida qatnashayotgan yana bir jamoamiz vakillari – Gularo Ahmadjonova (186 ball), Amina Mamedova (183 ball), Kamila Valijonova (177 ball) o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari o‘rtasida AK-74 avtomatidan o‘q otishda barcha jamoalarni ortda qoldirdi.
LiveBarchasi