O‘zbekiston AQSH bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

Jamiyat

image

Kecha, 19 dekabr kuni O‘zbekiston va AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash protokolini imzoladi. Bu haqda Prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Azizbek O‘runovga ko‘ra, hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH savdo vakili Ketrin Tay imzolagan.

“Joriy yil JSTga qo‘shilish jarayonimizda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, yil oxirida umidli natijalarga erishildi. Prezident Mirziyoyev rahbarligida missiyani amalga oshirishga jamoamiz yanada ko‘proq e’tibor qaratmoqda. 2026 yil uzoqda emas, majburiyatlar aniq. Shuningdek, barcha e’tirof O‘zbekiston muzokaralar guruhi a’zolariga ham tegishlidir”, deb yozadi O‘runov.

AQSH tomoni bayonotiga ko‘ra, savdo vakili Ketrin Tay Bayden-Harris administratsiyasining O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini davomiy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.  Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish harakatlari doirasida tovarlar va xizmatlar bo‘yicha ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qilishdan mamnun.

“O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan va 2020 yildan boshlab ushbu jarayonda faol ishlashni boshlagan. O‘zbekistonning muzokaralarni ilgari surishga bo‘lgan kuchli sadoqati so‘nggi ikki yil ichida sezilarli yutuqlarga, jumladan, ikki tomonlama kelishuvning muvaffaqiyatli yakunlanishiga olib keldi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani, tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgandi.

Dekabr oyida esa O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston JST

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing