O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston bitim imzoladi

Jamiyat

image

Kecha, 17 iyul kuni Qobulda O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston Transafg‘on temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

“O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlarining bugungi birinchi uch tomonlama uchrashuvi o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi”, deb yozdi Saidov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning qayd etishicha, butun Yevroosiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur loyiha savdoni kuchaytiradi, Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi va janubiy portlar orqali jahon bozorlariga yangi yo‘l ochadi.

“Savdo aloqalarini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va qurilish sohalarida hamkorlikni, shunindek, Termiz xalqaro savdo markazidan foydalanishni kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladik”, deydi TIV rahbari.

Bitim uch davlat Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida Afg‘oniston jamoat ishlari vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi va Pokiston temiryo‘l vazirligi rahbarlari tomonidan imzolangan. 

O‘zbekiston Transport vazirligining bildirishicha, “Termiz – Naybobod – Maydanshahr – Logar – Xarlachi” yo‘nalishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos (TIA)ni ishlab chiqish yuzasidan mazkur bitimning imzolanishi, avvalo, loyihaning tezroq amalga oshirilishiga hamda davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi.

2018 yilda ilk bor taklif etilgan Transafg‘on temiryo‘li loyihasi O‘zbekistondagi Termizni Afg‘onistonning Mozori Sharif va Qobul bilan, undan keyin esa Pokistonning Peshovar shaharlari bilan bog‘lashdan iborat. Qurilishi tugallangandan so‘ng temiryo‘l Afg‘oniston bo‘ylab 700 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, Markaziy Osiyo va Arab dengizi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlik yo‘lini tashkil qiladi.

Marshrut Markaziy Osiyodan Pokiston portlariga tashish vaqtini bir necha haftadan bir necha kungacha qisqartirishi kutilmoqda, bu esa mintaqaviy savdo uchun tezroq va tejamkorroq alternativani taklif etadi. Shuningdek, Afg‘oniston eksporti uchun yangi bozorlarni ochish va mamlakat uchun juda zarur bo‘lgan tranzit daromadlarini olish imkoniyati mavjud.

Temiryo‘l loyihasi mintaqaviy va xalqaro hamkorlar, jumladan, Rossiya, Eron va xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Biroq Afg‘onistondagi moliyaviy kamchiliklar va davom etayotgan siyosiy murakkabliklar taraqqiyotni sekinlashtirgan.

Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, texnik-iqtisodiy asoslashni amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati ostida loyihani oldinga siljitish uchun yangi kuch va siyosiy irodani aks ettirgani aytildi. Afg‘oniston rasmiylari kelishuvni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya yo‘lidagi muhim qadam sifatida olqishladi. 

“Ushbu loyiha nafaqat Afg‘oniston uchun muhim, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo va hamkorlik uchun ko‘prikdir”, deyiladi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Rasmiylar mintaqaviy infratuzilmaning yaxshilanishi Afg‘onistonda iqtisodiy barqarorlikka va uzoq muddatli taraqqiyotga yordam berishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Pokiston Tolibon Transafg'on temiryo'li O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing