O‘zbekiston 635 mln dollar va 2,5 trln so‘mlik yevrobondlarni joylashtirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Moliya vazirligi London fond birjasida 635 mln AQSH dollari va 2,5 trln so‘m qiymatidagi xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Bu haqda Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasining navbatdagi xalqaro obligatsiyalari ikki transhda – 635 mln. AQSH dollari miqdorida 3,9 foiz kupon bilan 10 yil muddatga va 2,5 trln. so‘m miqdorida 14 foiz kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi hamda Moliya vazirligi tomonidan London fond birjasida joylashtirildi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalaridan tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va Davlat byudjeti defitsitini qoplash uchun yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida joriy yilda Davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun 2,2 mlrd. dollar miqdorida davlat qarzi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqarish maqsadida joriy yilning 8-9 iyul kunlari tashkil etilgan “roud-shou” tadbirlari doirasida:

•    AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Lyuksemburg, Shveysariya, Daniya, Singapur va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarning 50 ga yaqin xalqaro investorlari ishtirokida audiokonferensiya (Global Investor Call) bo‘lib o‘tdi;

•    27 ta yirik xalqaro investorlar, shu jumladan, “Franklin Templeton”, “Payden and Rygel”, “Lazard”, “Wellington”, “Meag”, “BlackRock”, “Marathon”, “Fidelity” va “Bluebay” vakillari bilan yakkama-yakka formatida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xalqaro investorlarning makroiqtisodiy vaziyat, soliq- byudjet siyosati va davlat qarzi dinamikasi, pul-kredit siyosati va inflyatsion targetlash rejimi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va yashil iqtisodiyot bo‘yicha rejalar, institutsional islohotlar bilan bog‘liq bir qator savollariga javob berildi.

Joriy yilning 12 iyul kuni bank-anderrayterlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining dastlabki foiz stavkalari AQSH dollarida 10 yillik muddat uchun 4,25-4,375 foiz va o‘zbek so‘mida 3 yillik muddat uchun 14,5 foiz atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:30 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi.

Buyurtmalar hajmi 3 soat ichida dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun, mos ravishda, qariyb 1,0 mlrd. dollar va 2,0 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 4,125 foiz va 14,25–14,5 foizga tushirildi.

Savdo yakunlari bo‘yicha xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari (kupon) quyidagicha belgilandi:

•    3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2,5 trln. so‘m 14% kupon bilan (2020 yil noyabrda 3 yillik so‘mdagi obligatsiyalar 14,5% stavka bilan joylashtirilgan);

•    10 yillik AQSH dollari transhi: 635 mln. dollar 3,9% stavkada (benchmarkka nisbatan spred – 2,55%).

10 yillik AQSH G‘aznachilik obligatsiyalarining foiz stavkalari 2020 yil noyabr oyidan hozirgi kunga qadar 0,85 foizdan 1,35 foizgacha ko‘tarilgan. Mazkur davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasining 10 yillik xalqaro obligatsiyalarining AQSH G‘aznachilik obligatsiyalariga nisbatan spredi 2,85 foizdan 2,55 foizga tushgan.

Xalqaro obligatsiyalar mamlakatlar va hududlar kesimida

Xalqaro obligatsiyalar investorlar kesimida

Qayd etish lozimki, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish  uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing