O‘zbekiston hududlari uchun turizm logotiplari tanlanmoqda
Jamiyat
−
08 iyul 2019
2637O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahri uchun turizm logotiplarini tanlash uchun tashkilot rasmiy saytida ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ydi.
Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, g‘olib logotip mualliflari 25 mln so‘mdan pul mukofoti oladi.
“O‘z hududingiz logotipini tanlashda ishtirok etishni xohlaysizmi? Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston hududlari logotiplari tanloviga yo‘llangan loyihalar orasidan eng saralari tanlab olinganini ma’lum qiladi. G‘oliblarni esa siz uzbektourism.uz’da o‘zingizga ma’qul kelgan logotip namunasiga onlayn ovoz berish yo‘li orqali aniqlaysiz.
Prezidentning 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha “2019 yilgi chora-tadbirlar rejasi”ga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi hududlarining turistik brendlarini ishlab chiqishga doir tanlov e’lon qilgan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tegishli hududlar logotiplarining asosiy elementlari bo‘yicha mezonlar taqdim etildi. Ushbu mezonlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining turistik brendlarini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi.
Hududlarning turistik logotiplari tanlovida ijodkorlar, dizaynerlar, blogerlar, olimlar, tarixchilar, talabalar va fuqaroligidan qat’i nazar turizmga qiziqishi bo‘lgan boshqa kishilar ishtirok etishdi.
Bugunga kelib turizm sohasining nufuzli vakillaridan iborat Komissiya a’zolari tanlovga yo‘llangan 700ga yaqin logotipdan 84tasini (ya’ni har bir hudud bo‘yicha 6tadan) saralab olishdi.
Diqqat! Quyida joylangan so‘rovnoma bo‘yicha o‘zingizga yoqqan logotipga ovoz berishingiz mumkin. Agar sizga taqdim etilgan logotiplardan birortasi ma’qul kelmasa va siz ularni muayyan hudud logotipi bo‘lishga noloyiq deb topsangiz, u holda “yettinchi variant”ga ovoz berish imkoniga egasiz. Yettinchi variantga ovoz berganlar jami 20 foizni tashkil qilgan taqdirda, yakunga ko‘ra takroriy tanlov o‘tkaziladi. Tanlovning eng yaxshi logotip loyihasi uchun har bir hudud bo‘yicha g‘olib 25 million so‘m miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadi”, deb ma’lum qilindi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabarida.
LiveBarchasi