O‘zbek virusologiyasiga asos solgan professor vafot etdi
Jamiyat
−
13 noyabr 2021
5776Xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy a’zosi, professor Shabat Xo‘jayevich Xo‘jayev 98 yoshda vafot etdi.
Shabat Xo‘jayev 1924 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1946 yilda Toshkent tibbiyot institutining davolash fakultetini tamomlagan.
1946 yil noyabr oyida Sobiq Ittifoq Tibbiyot fanlari akademiyasining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar institutiga aspiranturaga o‘qishga qabul qilindi (Moskva). Aspiranturani tamomlagach, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, 1951 yilgacha shu institutda ishladi.
1961 yilda Shabat Xo‘jayev Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yuqumli kasalliklar kafedrasi professori, 1962-1965 yillarda ilmiy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan, 1964 yildan esa bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasini tashkil etib, 40 yil davomida unga rahbarlik qilgan.
Shabat Xo‘jayev 1967 yilda O‘rta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini tashkil etdi va O‘zbekistonda birinchi marta gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qildi. Klinik immunologiyada olib borilgan ishlarning katta bosqichi natijasi o‘laroq Moskvada nashr etilgan "Immunologiya bo‘yicha qo‘llanma" (1973) monografiyasi bo‘ldi.
1979 yilda Shabat Xo‘jayev D.I.Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining O‘zbekistondagi filialini tuzib, unga rahbarli qildi. O‘zR SSV Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004 yilgacha rahbarlik qilgan.
Professor Shabat Xo‘jayev Virusli gepatit sohasida ish boshlagan holda O‘zbekiston aholisini gepatit virusiga qarshi ommaviy emlash g‘oyasini ilgari surib, bosqichma-bosqich amalga oshirdi. 1990-1991 yillarda Shabat Xo‘jayev rahbarligida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virusli gepatit B ga qarshi emlash dasturi ishlab chiqildi.
LiveBarchasi