O‘zbek sporti og‘ir judolikka uchradi
Sport
−
17 mart 2020
46058Joriy yilning 15 mart kuni o‘zbek sportining haqiqiy fidoiysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport treneri, ustoz Baxtiyor Nosirovich Kozimov 63 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Baxtiyor Nosirovich 1980 yildan buyon Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida chim ustida xokkey bo‘yicha trener sifatida faoliyat yuritib kelgan. 40 yillik mehnat faoliyati davomida u ko‘plab yosh o‘g‘il-qizlarni tarbiyalab, ularni dastlab Samarqand viloyati terma jamoasi, keyinchalik O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibidan joy olishlari hamda Xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishlariga yaqindan ko‘mak berdi.
Baxtiyor Kozimovning samarali mehnatlari munosib e’tirof etilgan holda 1988 yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi (treneri) unvoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Baxtiyor aka Respublika Oliy sport mahorati maktabining chim ustida xokkey bo‘limida O‘zbekiston milliy terma jamoasi treneri sifatida ham samarali faoliyat olib bordi. Uning shogirdlari orasidan M.Xolmatov, D.Sharipov, O.Nazarov, Z.G‘aniyeva, E.Cherkezova, T.Amriddinova, Sh.Tolibova va boshqalar ko‘plab Respublika va xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lishgan.
Baxtiyor Kozimov mamlakatimizda yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda mehribon ota va talabchan ustoz sifatida yaqinlari, qolaversa sport maktabi xodimlari, trenerlar va sportchilar xotirasida mangu qoladi.
QALAMPIR.UZ tahririyati Baxtiyor Kozimovning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi