O‘zbek seriallari 18+ yoki axloqsizlik targ‘ibotchisi...mi?

Intervyu

Joriy yilning 14 yanvar kuni QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov o‘zining shaxsiy Telegram kanalida  aholini qiynayotgan og‘riqli bir muammo haqida post joylagan edi. Unda Qamariddin Shayxov bilan suhbatlashgan fuqaroning televideniyeda efirga uzatilayotgan o‘zbek seriallari va turli reklamalardan noroziligi aks ettirilgan. Postda aytilishicha, bir fuqaro QALAMPIR.UZ tahririyatiga kelib quyidagicha murojaat qiladi. 

“Kechki ovqat vaqtida oilam bilan televizor ko‘raman. Erkaklar kuchini oshiruvchi, tez homilador qiladigan dorilar, intim mahsulotlar haqida reklamalar berilyapti. 9 yashar qizimning oldida xijolat bo‘lib ketaman. Boshqa kanalga olsam, bema’ni kino, o‘zbekona kanal “o‘shanga”(Qamariddin Shayxov kanal nomini yozishni xohlamaganini aytgan – tahr.) olsam shu reklama beriladi. Nima qilsa bo‘ladi, siz ularga ayta olasizmi?”, deya so‘raydi fuqaro.

Shu o‘rinda, Shayxov murojaatchiga bu kanallarning reklama siyosati ekani, masalan QALAMPIR.UZ’ga ham shunday reklama berish maqsadida murojaat qilinsa, pulini ham so‘rab o‘tirmay, rad qilgani va telekanal xodimlarini ko‘rsa, albatta, bu haqida ularga aytishini  ta’kidlaydi.

Shuningdek, “Kechagina TVlardagi musordan musor seriallar haqida yozmoqchi edim, bugun qarshimdan boshqa bir masala chiqib turibdi. Vijdoningizga havola! Bilaman, hammangiz yo ochiq, yo zimdan kuzatasizlar, bu postni o‘qiysizlar. Qaynag‘asi yoki qaynotasi bilan don olishib yurgan kelinlar, tanasini sotayotgan ayollar haqidagi seriallaringiz va jamiyat buni oddiy qabul qilishi kerak degan urinishlaringiz jabrini chekmasdan o‘lmang!”, deb yozadi QALAMPIR.UZ rahbari.

Buni qarangki, bugungi kunga kelib o‘zbek seriallari mavzusidagi bahslar ijtimoiy tarmoqni portlatdi. Ba’zi seriallarda tasvirlangan pornografik tasvirlar atrofidagi  muhokamalar avjiga chiqqan. Xo‘sh, bugun o‘zbek teletomoshabinlari qaysi seriallarni ko‘rmoqda va ularga nisbatan munosabati qanday? QALAMPIR.UZ bu borada tomoshabinlar fikrini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi.

Respondentlarning aksariyat qismi o‘zbek seriallarini umuman tomosha qilmasligini aytdi. Hatto, "O‘zbek seriallari ko‘rishga arzimaydi", deganlar ham topildi.           
              
Bir respondentning aytishiga qaraganda,  o‘qishdan, ishdan charchab kelgan odam televizorni yoqsa, telekanallarda qaysidir ayolning turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilayotgani yoki farzandini oldirayotgani aks etgan tasvirlar namoyish etilayotganini ko‘rish kishiga battar psixologik zarba beradi. Uning fikricha, bunday seriallar yoshlarning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda

Suhbatdosh otalardan biri esa oila davrasida o‘zbek seriallarini ko‘rish juda qiyin masala bo‘lib qolganini ta’kidladi. “Ba’zida farzandlarim oldida uyalib ketganimdan nima qilishni bilmay qolaman. Tezda boshqa kanalga olay desam, uyatsiz reklamalarga ko‘zim tushadi” deydi u.

Aksariyat respondentlarning aytishicha, seriallarda tasvirlanayotgan voqealarning barchasi hayotiy va ular odamlarga ibrat bo‘lmoqda. 

Shuningdek,“Bugungi kunda o‘zbek seriallari 18+ sahnalari, qolaversa, qaynota va kelin o‘rtasidagi muhabbatni ko‘rsatib, yoshlar ongini zaharlayapti”, deganlar ham topildi. 

Siz bugun qaysi o‘zbek serialini ko‘ryapsiz? Serialga nisbatan munosabatingiz qanday? Fikringizni izohlarda qoldiring. 

Ijtimoiy so‘rovnomani yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ ning YouTubeʼdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbek seriali sevimli axloqsizlik targ'ibotchisi

Baholaganlar

462

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar