O‘zbek klublari tarixda ilk bor FIFA’dan kompensatsiya oladi
Sport
−
15 Oktabr 8463
O‘zbekiston jamoalari o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati saralash bosqichi va turnirning final bosqichida ishtirok etgan futbolchilari uchun FIFA'dan kompensatsiya oladi. FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati uchun 355 million AQSH dollar kompensatsiya qilishni rejalashtirgan. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) xabar berdi.
Ushbu tajriba 2010 yilgi mundialdan boshlagan. O‘sha yilgi kompensatsiya pullari 40 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, Qatarda o‘tkazilgan mundialda bu narx 209 million AQSH dollari miqdoriga yetdi. Qatarda o‘tgan Jahon chempionati guruh bosqichida ishtirokini yakunlagan terma jamoalarga eng kamida 14 kun davomida unda ishtirok etgan hisoblanib, musobaqaning har bir kuni uchun bir nafar futbolchiga 10 950 AQSH dollaridan kompensatsiya to‘langan.
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatidan e’tiboran ushbu dasturda bir qator tamoyillarni o‘zgartirmoqda. Avvalo, bu galgi musobaqa uchun ajratilgan kompensatsiya pullarining umumiy miqdori rekord daraja 355 million AQSH dollariga yetdi. Ushbu summaning 100 million AQSH dollariga teng qismi esa musobaqaning qit’aviy saralash bosqichlarida ishtirok etish uchun o‘z futbolchilarini terma jamoalar ixtiyoriga yuborgan klublar o‘rtasida taqsimlanishi belgilandi. Buning uchun, futbolchi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi rasmiy uchrashuvda o‘yin qaydnomasiga kiritilgan bo‘lishi talab etiladi. Bunda, futbolchi terma jamoasi bilan mundial yo‘llanmasini olgan yoki olmagani ahamiyat kasb etmaydi. Shuningdek, avvalgi tamoyillar bo‘yicha futbolchi uchun kompensatsiya olishga u so‘nggi ikki mavsum davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan klubgina haqli hisoblangan bo‘lsa, endilikda o‘z tarkibidagi futbolchini Jahon chempionati va uning saralash bosqichlari uchun terma jamoa ixtiyoriga yuborgan istalgan klub dastur doirasidagi pullarni qabul qilib olishi mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi natijasida o‘zbek klublari futbolchilarini Jahon chempionati va uning saralash bosqichlari doirasidagi o‘yinlarga yuborgani uchun FIFA dasturidan kompensatsiya pullari oladi. Misol uchun, saralashning so‘nggi ikki bosqichi doirasida Abduvohid Ne’matov 15 marotaba, Sherzod Nasrullayev 12 marta, Akmal Mozgovoy 10 marta, Zafarmurod Abdurahmatov 4 marotaba, G‘olib G‘aybullayev 2 bor va Alibek Davronov bir marta O‘zbekiston terma jamoasining o‘yin qaydnomasiga kiritildi. Ushbu futbolchilar barcha uchrashuvlarga “Nasaf” futbolchisi sifatida jalb etilgan. Bundan tashqari, Umar Eshmurodov umumiy 13 ta uchrashuvning 4 tasida, Bobur Abduxoliqov umumiy 11 o‘yinning 8 tasida “Nasaf” futbolchisi bo‘lgan. Demak, Qarshi klubi ushbu futbolchilarning har bir uchrashuvi uchun ma’lum miqdorda kompensatsiya pullarini ishlab topadi.
Saralash bosqichi uchun ajratilgan 100 million AQSH dollari dunyo bo‘ylab jami minglab klublar o‘rtasida taqsimlanadi. Qolgan pullar esa Jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilarning klublariga beriladi.
Live
Barchasi