AQSH o‘zbek-qirg‘iz chegarasi masalasi tinch yo‘l bilan hal qilinganini olqishladi

Jamiyat

image

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 27 yanvar kuni Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilib, kelishuvga muvofiq umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘i, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining 35 ta uchastkasi belgilangan edi. Ushbu kelishuvni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Bishkekdagi elchixonasi ijobiy baholab, Twitter’dagi sahifasida munosabat bildirdi.

AQSH Qirg‘iziston va O‘zbekistonning mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga sodiqligini namoyish etishdagi muvaffaqiyatli sa’y-harakatlarini olqishlashini ma’lum qilgan.

“Ikki davlat nizodan ko‘ra diplomatiyani tanlab, Markaziy Osiyo hamkorligi iqtisodiy taraqqiyot va aloqalar uchun muhim ekanini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joiz, kelishuvga muvofiq O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovni oladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzolagandi.

Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarishning huquqiy asoslari yaratildi. 2,5 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing