O‘zbek futboli 350 ming dollarga “uxladimi”? – Sport dayjesti

Tahlil

350 ming dollarga uxlagani aytilayotgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Amerika klubi taklifini rad etgan Abbosbek Fayzullayev va Fransiyadagi so‘rovnomada g‘olib bo‘lgan Abduqodir Husanov bugun diqqat markazida. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti.

Hasanboy Do‘smatovning ukasi profboksda jang qiladi

Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi, jahon chempioni Hasanboy Do‘smatovning ukasi Faryozbek Do‘smatov professional boksda debyut qiladi.

Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Kichik Do‘smatov professional boksdagi ilk jangini joriy yilning 2 mart kunida Janubiy Koreyada tashkil etilayotgan FW1 turniri doirasida o‘tkazadi. Unga filippinlik 28 yoshli charm qo‘lqop ustasi Jover Amistoso (5-2-0) raqiblik qiladi.

Ma’lumot uchun, Faryozbek shu kungacha havaskor boksda O‘zbekiston chempionati va boshqa musobaqalar doirasida 8 ta jang o‘tkazgan va 5 ta g‘alaba, 3 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U 2022 yilgi O‘zbekiston chempionati kumush medali sohibi hisoblanadi.

O‘FA 350 ming AQSH dollarini “uxlatgani” aytilayotgan hisobchi bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) buxgalteri 350 ming AQSH dollarini o‘zlashtirib, qochib ketgani aytilmoqda.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bu haqdagi ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Tarmoqqa sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA buxgalteri 350 ming AQSH dollarini (taxminan 4 milliard so‘m) o‘zlashtirib Turkiyaga uchib ketgan va hisobchiga qarshi ish ham ochilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi joriy yilning 19 fevral kuni ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha quyidagilarni bildirdi:

“O‘FA tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. OAV vakillaridan tekshirilmagan va hali tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz. O‘rganish ishlari yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilgach, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi manba xabarida.

“Real” Mbappe bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi

Fransiyalik hujumchi Kilian Mbappe “Real” bilan 5 yillik shartnoma imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuv 2024 yilning yozida, Mbappening parijliklar bilan amaldagi shartnomasi tugashi bilan kuchga kiradi. 25 yoshli Mbappe “Real”ga erkin agent sifatida o‘tadi. Futbolchi mavsum yakunida jamoani tark etish qarori haqida PSJ prezidentini shaxsan xabardor qilgan.

PSJ tarkibida Mbappe 5 karra Fransiya chempioni, 3 karra mamlakat kubogi va superkubogi sohibiga aylandi va ikki marta Fransiya Liga kubogini qo‘lga kiritdi.

Fransiya terma jamoasi tarkibida 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida g‘olib chiqqan bo‘lsa, 2022 yilgi mundialda 8 ta gol bilan to‘purar bo‘ldi va chempionatning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Tashiyev Qirg‘iziston futbol ittifoqi rahbari bo‘ldi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston futbol ittifoqi prezidenti etib saylandi. Bu haqda mamlakat futbol ittifoqi matbuot xizmati xabar berdi.

“Qirg‘iziston futbolini hozirgi holatida qabul qilaman. Menimcha, hal qilinishi kerak bo‘lgan uchta muammo bor. Birinchisi, futbol infratuzilmasini rivojlantirish. Bu asosiy maqsad bo‘lishi kerak. O‘sh, Jalolobod va Bishkekda sanoqli stadionlarimiz bor. Har bir shahar va har bir viloyatda yaqin oylarda futbol stadionlari bo‘lishi kerak. Har bir qishloqda futbol maydonchalari quriladi. Yaqin kelajakda Qirg‘iziston futbol mamlakatiga aylanadi”, deydi Tashiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hal qilinishi kerak bo‘lgan qolgan ikkita asosiy vazifa barcha shaharlarda futbol akademiyalarini qurish orqali bolalar va o‘smirlar futbolini kuchaytirish, shuningdek, Qirg‘iziston klublariga kuchli futbolchilarni taklif etish orqali ichki chempionatni mustahkamlashdan iborat.

Shu bilan birga, federatsiyaning yangi rahbari boshqa sohalarda faoliyat yuritsa ham futbolni yaxshi ko‘rishini ta’kidladi.

Tashiyev uning qo‘l ostida terma jamoaga o‘yinchilarni tanlash tizimi o‘zgarishini aytdi.

Unga ko‘ra, milliy terma jamoaga Yevropada raqobatlashayotgan qirg‘izistonlik yoshlar jalb etiladi.

Shuningdek, Tashiyev “Barselona” tizimida o‘ynayotgan o‘g‘li terma jamoaga jalb qilinadimi, degan savolga javob berib, bu masalani terma jamoa murabbiyi hal qilishini aytib o‘tdi.

Qayd etish joiz, Tashiyev bu lavozimda Qirg‘iziston terma jamoasining Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsiz o‘yini ortidan iste’foga chiqarilgan Meder Sidiqov o‘rnini egalladi.

Abduqodir Husanov Fransiyadagi so‘rovnomada g‘alaba qozondi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi va Fransiyaning "Lans" klubi a’zosi Abduqodir Husanov mamlakat chempionatining 22-turidan o‘rin olgan “Reyms”-“Lans” uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda “Lensois” sayti xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Lensois” saytida har bir o‘yin yakuniga yetganidan keyin ertalab soat 9:00 ga qadar muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi. “Reyms” va “Lans” o‘yinidan keyin tashkil etilgan so‘rovnomada Husanov 46 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, 1-o‘rinni egallagan. 
19 yoshli Husanov bu borada polshalik jamoadoshi Frankovskini ortda qoldirdi. Frankovski so‘rovnomada 20 foiz ovoz yig‘di. Kuchli uchlikni 18 foiz bilan Said Ueslida yakunlab berdi.

Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov shu vaqtga qadar Fransiya chempionatida 6 marta maydonga tushdi. Shuningdek, u 2 marta Yevropa Chempionlar ligasi, 1 marta Yevropa ligasi o‘yinida ishtirok etdi. Uning "Lans" bilan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi. Husanov “Transfermarkt” portali tomonidan hozirda 1,5 million yevroga baholanmoqda.

Fayzullayev Amerika klubi taklifini rad etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev Amerikaning “Sent-Luis” klubi taklfiini rad etdi. Bu haqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram-sahifasida ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, Fayzullayevga endilikda bunday takliflar bo‘lishi tabiiy hol. Buyog‘iga futbolchiga qaysidir klub qiziqayotgani haqida xabarlar ko‘payaveradi.

“Sent-Luis”ning o‘z versiyasi bor: klub futbolchining transferga tayyorligini so‘radi. Amerika klubiga yo‘q deb javob berishdi, chunki futbolchining hozirgi jamoasi bilan shartnomasi bor”, deydi Nikimbayev.

Qayd etilishicha, “Sent-Luis” klubining sport direktori germaniyalik Luts Pfaninshtil hisoblanadi. Pfaninshtilning rafiqasi esa o‘zbekistonlik. Bundan ko‘rinadiki, Fayzullayevga bo‘lgan qiziqish o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. 

Ma’lumot uchun, 20 yoshli Fayzullayev o‘tgan yozda SSKAga o‘tgan edi. “Armiyachilar”  tarkibida hujumkor yarim himoyachi 18 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Osiyo kubogidan keyin ko‘plab o‘zbek futbolchilarining transfer narxi oshdi

Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogi yakunlanganidan so‘ng bir qator Osiyo qit’asi termalari futbolchilarining narxi o‘zgardi. Bu haqda “Transfermarkt” portali xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, qit’a birinchiligida yaxshi o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolaridan Abbosbek Fayzullayevning transfer qiymati 1 million, Abduqodir Husanovniki esa yarim million yevroga oshgan.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Qarshining “Nasaf” klubi futbolchisi Zafarmurod Abdurahmatovning qiymati 150 ming yevroga ko‘tarildi.

Hozirga kelib, Fayzullayevning transfer narxi 5 million, Husanovniki 2 million yevroni tashkil qilmoqda. Abdurahmatovning qiymati esa yarim million yevroga yetdi. 

Qayd etish joiz, Osiyo kubogidan keyin qo‘shni tojikistonlik bir qator futbolchilarning ham transfer narxi sezilarli darajada o‘sdi.

O‘zbekistonlik bokschi Qozog‘iston tarkibida jang qiladigan bo‘ldi

Boks bo‘yicha 2023 yilgi O‘zbekiston chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritgan Aman Konisbekov endi Qozog‘iston sharafini himoya qiladi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 71 kilogramm vazn toifasidagi bokschi Aman Konisbekov asli qozoq millatiga mansub bo‘lib, buyog‘iga u Turkiston viloyati vakili sifatida janglarda qatnashishga qaror qilgan.

Oxirgi O‘zbekiston chempionatida Konisbekov yarim finalda jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevga qarshi ringga ko‘tarilib, uch raunddan so‘ng hakamlarning bahsli qarori bilan imkoniyatni boy bergan, o‘sha qarama-qarshilikning birinchi raundida Aman raqibini nokdaunga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Dani Alves 4,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

“Barselona”ning sobiq himoyachisi Dani Alves zo‘ravonlikda ayblanib 4,5 yilga qamaladi. Bu haqda “Marca” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Dani Barselonadagi “Sutton” tungi klubida 23 yoshli qizni zo‘rlaganlikda ayblanmoqda. Alvesning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, ish bo‘yicha ko‘rsatmalarini bir necha bor o‘zgartirdi.

Bir necha sud majlislarida prokurorlar 40 yoshli braziliyalik futbolchini to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilishni va undan jabrlanuvchi deb taxmin qilingan shaxsga 150 ming yevro tovon puli to‘lashni talab qildi. 

Qayd etish joiz, futbolchi 20 yanvarda hibsga olingandi.

Ma’lumot uchun, braziliyalik himoyachi “Barselona”dagi o‘yinlari bilan mashhur. “Ko‘k-anorranglilar” tarkibida Alves olti marta Ispaniya chempioni bo‘ldi, Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, mamlakat kubogi va superkubogini qo‘lga kiritdi. Braziliya terma jamoasi bilan himoyachi ikki marta Amerika kubogi va Konfederatsiyalar kubogini qo‘lga kiritdi.

Yangilangan WBC reytingidan 8 nafar o‘zbek bokschisi o‘rin oldi

Butunjahon boks ittifoqi (WBC) fevral oyi uchun yangilangan reytingni e’lon qildi. Yangilangan reytingga 8 nafar o‘zbekistonlik bokschi kiritildi.

E’tiborlisi, o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan yengil vazn toifasidagi Olimjon Nazarov reytingga kiritildi va 34-o‘rinni egalladi.

Jadvalda eng yaxshi natija birinchi yarimengil vaznda janglar o‘tkazadigan Murodjon Ahmadaliyevga tegishli. Ahmadaliyev 55,3 kg da 3-o‘rinni band etgan.

Supero‘rta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev bir pog‘ona yuqorilab, 12-o‘rindan joy oldi.

Reyting:

  • Superog‘ir vazn: Bahodir Jalolov 13-o‘rin;
  • Supero‘rta vazn toifasi (76,2 kg): Bektemir Meliqo‘ziyev 12-o‘rin;
  • Superyarim o‘rta vazn (69,8 kg): Isroil Madrimov 8-o‘rin;
  • Yarimo‘rta vazn (66,6 kg): Shahram G‘iyosov 14-o‘rin; Jahongir Rasulov 32-o‘rin;
  • Birinchi yarimengil vazn (55,3 kg): Murodjon Ahmadaliyev 3-o‘rin;
  • Yengil vazn (50,82 kg): Olimjon Nazarov 34-o‘rin;
  • Birinchi o‘ta yengil vazn (47,6 kg): Hasanboy Do‘smatovda 5-o‘rin.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing