O‘z rejamiz va strategiyamiz bor – Kannavaro 

Sport

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati guruh bosqichi 2-tur uchrashuvi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Italiyalik mutaxassis raqibning yuqori saviyasini alohida ta’kidlab, Portugaliyani turnirning eng kuchli jamoalaridan biri deb atadi.

“Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri. Ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, yarim himoya chizig‘i dunyoning eng yaxshilaridan biri sanaladi. Shuningdek, futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri ham ushbu jamoa safida to‘p tepmoqda. Shu bois bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Ammo biz Jahon chempionatidamiz va ijobiy natijaga erishish uchun jamoa bo‘lib harakat qilishimiz hamda mehnat qilishimiz kerak”, deydi Kannavaro.

Murabbiyning ta’kidlashicha, murabbiylar shtabi Portugaliyaning o‘yin uslubini chuqur tahlil qilgan.

“Portugaliya to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yaxshi ko‘radi. Ular uchrashuvni faol boshlab, imkoni boricha tezroq ustunlikka erishishga intiladi. Biz ham bunga tayyorgarlik ko‘rdik. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor. Maydonda aynan o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Kuchli raqibga qarshi o‘ynayotganimizni bilamiz, ammo bundan qo‘rqmaymiz”,  deydi u.

Kannavaro Krishtianu Ronaldu haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Biz faqat Ronalduga qarshi o‘ynamayapmiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, ammo Portugaliya faqat undan iborat emas. Asosiy tarkib va zaxirada ham yuqori saviyali futbolchilar ko‘p. Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahza ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir”,  dedi murabbiy.

Shuningdek, Kannavaro jamoaning jismoniy holati yaxshilanganini qayd etdi.

“Jamoaga kelganimizdan buyon asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratildi. So‘nggi uchrashuvda futbolchilarning holati yaxshi ekanini ko‘rdik. Jamoa o‘yinni yuqori tempda yakunladi va barcha o‘zini yaxshi his qildi”,  deydi u.

Murabbiy statistika masalasiga ham to‘xtalib, futboldagi asosiy omillardan biri to‘pni nazorat qilish ekanini ta’kidladi.

“Menimcha, agar jamoa o‘yin davomida to‘pni ko‘p yo‘qotsa, uni qaytarib olish uchun ham ko‘proq kuch sarflaydi. Shuning uchun masala ko‘p yugurishda emas, to‘g‘ri harakat qilishda. To‘pni yo‘qotmaslik va uni qayerda qaytarib olishni bilish juda muhim. Portugaliyaning statistikasi ko‘p jihatdan yuqori darajada ekanini bilamiz va buni tahlil qilganmiz”, deydi Fabio Kannavaro.

Eslatib o‘tamiz, Portugaliya va O‘zbekiston uchrashuvi bugun, 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi. Bahsni marokashlik hakam Jalol Jayed boshqarib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Portugaliya Fabio Kannavaro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing