“Uylanamiz” qo‘shig‘i uchun 140 million so‘m tovon puli undiriladi
Madaniyat-san’at
−
01 noyabr 2022
80743Shoir Erkin Yo‘ldosh o‘z qalamiga mansub bo‘lgan “Uylanamiz” nomli she’rdan mualliflik huquqlariga zid ravishda foydalangan xonanda Mirodil Hakimov ustidan sudga kiritgan da’vo arizasi qanoatlantirildi va xonandadan jami 140 million so‘m undirilishi belgilandi. Bu haqda Andijon viloyat Adliya boshqarmasi xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, “Uylanamiz” qo‘shig‘i she’rining muallifi – farg‘onalik shoir Erkin Yo‘ldosh joriy yilning sentabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilgani uchun xonanda Mirodil Hakimovdan tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqida da’vo arizasi kiritgan.
Mazkur da’vo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi qo‘zg‘atilib, sud majlisi 2022 yil 7 oktyabrga tayinlangan. 7 oktyabr kuni sud majlisiga da’vogarning ishonchli vakili kelgan, biroq, javobgar kelmagani sababli sud majlisi 12 oktyabrga qoldirilgan. 12 oktyabr kuni sud majlisiga taraflar kelgan va ulardan ko‘rsatmalar olingan. Javobgar ularga nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun muddat berishni so‘ragan va da’vogar tomoni norozi bo‘lmagani sababli sud majlisi 19 oktyabrga qoldirilgan. Biroq, javobgar belgilangan kunida sud majlisiga kelmaganligi sababli sud fuqarolik ishini Fuqarolik protsessual Kodeksining 220-moddasiga ko‘ra, javobgarning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni lozim topgan.
Sudning hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi qisman qanoatlantirilib, Mirodil Hakimovdan da’vogar Erkin Yo‘ldosh (Doripov)ga 50 million so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari miqdorida (90 million so‘m) yetkazilgan zarar hisobiga, jami 140 million so‘m tovon puli undirish belgilangan. Bundan tashqari, javobgarning zimmasiga “Uylanamiz” she’ridan muallifning roziligisiz foydalanmaslik majburiyati yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik san’atkorlar orasida mualliflik huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan eng katta jarimani Yulduz Usmonova to‘lagan. “Xasta bo‘lma” nomli qo‘shiq uchun xonanda Usmonovadan she’r muallifi shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev foydasiga 185 million so‘m undirilgan.
LiveBarchasi