“O‘yinqaroq” Kim Chen In yoxud raketa uchirish uning hobbisimi?

Tahlil

Shimoliy Koreya 3 noyabr kuni naq uch marta ballistik raketa uchirdi. Shuning bilan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan uchirilgan raketalar soni shu yilning boshidan buyon qariyb o‘ttiz bittaga yetdi.

Xususan, mamlakat yanvar oyi o‘rtalariga qadar ham uchta gipertovushli ballistik raketalar sinovini o‘tkazib, 15 yanvar kuni Pxenyan nima uchun tinimsiz yangi qurollarini ko‘z-ko‘z qilayotganining sababini izohlagandi.

KXDR e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, uning bu harakatlari yil boshida ketma-ket Pxenyanga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgan AQSHga javob zarbasi sifatida qabul qilinishi kerak.

Shuningdek, Shimoiy Koreya hukumati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda “qarama-qarshilik pozitsiyasi” saqlab qolinishi va Pxenyan Vashingtonga qarshi yanada kuchliroq va aniqroq choralar ko‘rishi haqida ogohlantirgan.

Mamlakat markaziy axborot agentligi (KCNA) esa Yapon dengizida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yangi qurollar sinovlarini “mamlakat armiyasining jangavor shayligini sinovdan o‘tkazish” deya baholagan.

Ba’zi ekspertlarning fikricha, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlar va AQSH bilan tinchlik muzokaralarini olib borishda antiqa usuldan foydalanmoqda. U avvaliga dahshatli qurollar bilan ularni vahimaga solib, keyin tinchlik bitimini tuzishni taklif qiladi.

Shu tariqa Kim Chen In AQSHning asabiga tegish uchun yapon dengizida o‘zining harbiy raketalarini sinashda davom etaverdi.

Masalan, u joriy yanvar oyining o‘zidayoq jami yettita raketani uchirishga ulgurgan. Ular taktik boshqariladigan raketalar va temir yo‘l raketa tizimini, shuningdek, havoga ko‘tarilgandan keyin manyovr qila oladigan gipertovushli raketalardan iborat edi.

Fevral oyida biroz tanaffus olgan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi mart oyida yana o‘zining raketa sinovlarini avj oldira boshladi.

5 mart kuni Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi Shimoliy Koreya tominidan ballistik raketa uchirilgani haqida jurnalistlarga SMS orqali xabar bergan.

16 mart kuni esa Yaponiyaning NHK telekanali Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan yana bir ballistik raketa uchirilgani haqida xabar berdi.

Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi esa Pxenyanning qit’alararo ballistik yoki yadroviy raketa sinovini amalga oshirishga tayyorlanayotganidan bir kun oldin, ya’ni 15 mart kuni xabar topgan. Shundan so‘ng, Janubiy Koreya va AQSH harbiylari Koreya yarim orolidagi o‘z harbiy bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligini oshirganini ma’lum qilgan.

Shimoliy Koreyaning bu qiliqlariga xuddi o‘zidek javob qaytarmoqchi bo‘lgan Janubiy Koreya harbiylari 16 mart kuni ballistik raketa sinovini o‘tkazgan. Afsuski, bu sinov “muvaffaqiyatsiz” deya baholangan. 

24 mart. Yapon dengizi tomonga yana bir noma’lum raketa uchirildi. Tabiiyki, gumonlanuvchi sifatida birinchi galda Shimoliy Koreya topilgan. Ammo, dastlabki ma’lumotlarda otilgan raketaning ballistik raketa ekani aniqlanib, u qaysi masofadan uchirilgani noma’lumligicha qolgan.

Shundan so‘ng, Janubiy Koreya harbiylari 16 aprel kuni taxminan soat 18:00 da KXDR tomonidan Koreya yarimorolining sharqiy sohilidagi Xamxin shahri hududidan Yapon dengiziga qarab ikkita snaryad otilganini qayd etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, snaryadlarlarning parvozi maksimal balandligi 25 kilometrni tashkil etgan va ta’kidlanishicha, Kim Chen Inning shaxsan o‘zi yangi taktik boshqariladigan qurol tizimining muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilishini nazorat qilgan. 

May oyida Shimoliy Koreya tomonidan xuddi shunday ballistik raketalar uchirilishi to‘rt marta takrorlandi. Xususan, 4 may sanasida bitta, 12 mayda birdaniga uchta, 25 may kuni ham yana uchta raketa yapon dengizi tomon Shimoliy Koreyaning turli hududlaridan uchirilgan.

Bunday raketa sinovlarining birinchi navbatda o‘zi uchun katta xavf ekanligini yaxshi anglab yetgan Janubiy Koreya baribir tinchlik muzokaralari o‘tkazishdan umidini uzmadi.

Jumladan, Janubiy Koreyaning yangi saylangan Prezidenti Yun Sok Yol yangi hukumat Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarni tinch yo‘l va muloqot orqali bartaraf etishga intiladi va tahdidga qaramay muloqotni davom ettiradi.

“Shimoliy Koreyaning yadroviy qurol dasturlari nafaqat bizga, balki Shimoliy-Sharqiy Osiyo xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. Shunga qaramay, bu tahdidni tinch yo‘l bilan bartaraf etish uchun muloqot oynasi ochiq qoladi”, degan u.

5 iyun sanasida esa Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon sakkizta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi.

Bunga javoban AQSH va Janubiy Koreya ham 6 iyun kuni raketa sinovlarini amalga oshirdi. 

“AQSH va Janubiy Koreya kuchlari inqirozlarga tezda javob berish qobiliyatini namoyish qilish uchun qo‘shma uchirish mashqlarini o‘tkazmoqda”, deya izohlangan AQSH Qurolli Kuchlarining Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi bayonotida.

Ammo Shimoliy Koreya bu bilan to‘xtab qolmadi va 12 iyun kuni yalpi hujum reaktiv tizimidan bir qancha snaryadlar uchirdi.

17 avgust kunidagi ikkita raketa parvozi esa bu safar Sariq dengiz tomon yo‘naltirildi.

Ta’kidlanishicha, qanotli raketalar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzmayapti, balki uzoq masofalarga aniq zarbalar berish qobiliyati tufayli kattaroq xavf tug‘dirmoqda.

25 sentyabr kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomonga, 28 sentyabr kuni esa Yaponiya tomonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ballistik raketa uchirdi

Uning bu xatti-harakati butun dunyo hamjamiyati tomonidan qattiq qoralandi.  Biroq, bularning hech biri Kim Chen Inga ta’sir qilmadi va 29 sentyabr kuni yana raketa sinovi o‘tkazilaverdi.

Jimoliy Koreya oktyabr oyining 4 sanasida ham yana Yaponiyaning naq ustidan raketa uchirdi. 

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, raketa 1 ming kilometrgacha balandlikda uchgan va 4,6 ming kilometr masofani bosib o‘tgan. U Pxenyanning raketa sinovlari tarixidagi maksimal masofani bosib o‘tgan.

Raketa Xokkaydo va Aomori prefekturasi tomon uchgan. Shu munosabat bilan Yaponiyaning shimoliy hududlarida havo hujumi haqida ogohlantirish yangragan va odamlardan boshpanalarga tushish talab qilingan. Biroq Shimoliy Koreyadan uchirilgan raketa Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tib, Tinch okeaniga tushgan.

Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari parvozga javob bermagan. Hech qanday zarar haqida ma’lumot yo‘q. Yaponiya aholisi raketa parchalari tushishi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirilgan va ularga tegmaslik so‘ralgan. Bundan tashqari, tezyurar “Shinkansen” poyezdlarining harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Yaponiya hukumati milliy xavfsizlik kengashini chaqirdi. Tokio Pekindagi diplomatik kanallar orqali Pxenyanga keskin norozilik bildirdi. AQSH raketa uchirilishini o‘ylanmagan va beqarorlashtiruvchi harakat sifatida qoraladi.

Bu KXDRning so‘nggi bir necha kun ichida beshinchi raketa uchirishi va yil boshidan beri 23 raketa sinovi bo‘ldi. Shimoliy Koreya raketasi oxirgi marta 2017 yil sentyabrida Yaponiya ustidan uchib o‘tgan edi.

Kim Chen Inning bu harakatidan g‘azablangan AQSH va Janubiy Koreya Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlari yaqinida to‘rtta raketa uchiradi va bu ittifoqchilarning so‘ngi 24 soat ichidagi ikkinchi mashg‘uloti bo‘lgan. 

Raketalar bellashuvi davom etadi 6 oktyabr kuni Kim Chen In Yaponiya dengiziga ikkita ballistik raketa uchirdi.

Shundan keyin esa Koreya Xalq Demokratik Respublikasi davlat matbuoti vanihoyat mamlakatning so‘nggi paytlarda o‘tkazgan raketa sinovlarining sirlarini oshkor qilishni boshladi. Bu harakatlarning barchasi KXDRning Janubiy Koreyadagi potensial nishonlarni o‘qqa tutishga tayyorligini ko‘rsatishga mo‘ljallangan simulyatsiya qilingan rejalarning bir qismi ekanligi aytildi. 

Bundan ko‘rinadiki, Shimoliy Koreyaning shu paytgacha o‘tkazayotgan raketa sinovlari qo‘shnisi Janubiy Koreyaga qarshi bo‘lgan.

Shimoliy Koreya ishchilari yadroviy qurollarni tez va xavfsiz tashishni tekshirish uchun “taktik yadro kallaklarini yuklash” deb ta’riflangan mashqlarni bajarish uchun 25 sentyabr kuni suv ombori ostidagi mashg‘ulotlarda qatnashgani aytildi.

Hisobotlarda keltirilishicha, Shimoliy Koreyaning 25 sentyabrdan 9 oktyabrgacha bo‘lgan so‘nggi mashg‘ulotlari “dushmanlarga kuchli harbiy reaksiya ogohlantirishi” hamda mamlakatning jangovar qobiliyatini tekshirish va yaxshilash uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, Kim Chen In Janubiy Koreya va AQSHni “dushmanlar” deb atagan va ular bilan muzokara olib borishga hojat yo‘qligini aytgan.

Kim Chen In yana Pxenyan dushmanlarning harbiy harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatishini va kerak bo‘lsa, “barcha harbiy qarshi choralarni ko‘rishini” ta’kidlagan. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Janubiy Koreya va Yaponiya Shimoliy Koreyaning so‘nggi raketa sinovlariga qarshi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga qaror qildi.

16 oktabr kuni esa Janubiy Koreya ballistik raketa uchirilishining kuchayishi munosabati bilan Shimoliy Koreyaning 15 nafar fuqarosi va 16 ta muassasasiga bir tomonlama sanksiyalar kiritdi. 

“Biz Shimoliy Koreyaning misli ko‘rilmagan chastotadagi so‘nggi raketa provokatsiyalarini keskin qoralaymiz”, deyildi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi  xabarida.

17 oktyabrda boshlangan Xoguk mashqlarining so‘nggi kunida Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari va dengiz piyodalari korpusi Yaponiya dengizi sohilidagi Pxoxan shahri yaqinida keng ko‘lamli amfibiya desant mashqlarini o‘tkazdi. 24 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari Sariq dengizda 20 ta kema ishtirokida keng ko‘lamli manyovrlarni boshladi. 

Keyinroq Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSH Tashqi ishlar vazirliklari vakillari Shimoliy Koreyaning yadro sinovlari masalasi bo‘yicha uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreya yadroviy sinov doirasida yana raketa uchirsa, misli ko‘rilmagan javob qaytarishga va’da bergan.

Ammo KXDR qo‘shnisining po‘pisasiga qaramay, 28 oktabr kuni ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi.

Uning bu sinovlari 2 noyabrda ham, 3 noyabrda ham qaytarildi. Ikki kunda 4 marta uchirilgan Shimoliy Koreyaning ballistik raketalariga javoban Janubiy Koreya hozircha o‘zi va’da qilgan “misli ko‘rilmagan javob”ni qaytarganicha yo‘q.

Biroq, 31 oktyabr kuni AQSH va Janubiy Koreya hamkorligida “Vigilant Storm” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari start oldi. Unda 240 ga yaqin harbiy samolyotlar ishtirok etmoqda. 4 noyabrga qadar davom etishi belgilangan mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning ketma-ket ballistik raketalar uchirishi ortidan uzaytarildi. 

Qo‘shma mashg‘ulotlarga  Janubiy Koreya harbiy-havo kuchlarining 140 ga yaqin samolyotlari, jumladan F-35A, F-15K, KF-16 qiruvchi samolyotlari, KC-330 yonilg‘i quyish samolyoti, Amerika tomonidan esa yuzga yaqin samolyot, jumladan F-35B qiruvchi samolyotlari, EA-18 elektron razvedka samolyoti va U-2 josuslik samolyoti jalb qilingan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing