Uy va avtomobil savdosida olti xil miqdordagi boj bekor qilinmoqda

Jamiyat

image

Endi uy sotib olishda maydonning qanchaligidan qat’i nazar bir xil, avtomobil oldi-sotdisida esa uning ishlab chiqarilgan yili va ot kuchidan qat’i nazar bir xil davlat boji undirilishi mumkin. Bu haqda bugun, 10 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida belgilangan.

Qayd etilishicha, ushbu hujjat bilan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat bojini undirish va to‘lashdan ozod qilish masalasi tartibga solinmoqda hamda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish asoslari belgilanyapti.

“Tahlilchilarning fikricha, ayni paytda notarial harakatlarning asosiy qismi ko‘chmas mulklar, avtotransportlar oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ammo davlat bojini to‘lashda ham notariuslarda, ham fuqarolarda turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lyaptiki, bu o‘z o‘rnida qat’iy “stavka”larni belgilash zaruratini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi Quyi palata matbuot xizmati xabarida.

Mazkur qonun loyihasida esa uy sotib olishda maydonning qanchaligidan qat’iy nazar bir xil – 1,5 barobar miqdorda boj undirish taklif qilinyapti. Amaldagi qonunchilikda bu oltita toifaga ajratilgan bo‘lib, olti xil miqdorda davlat boji undirilar edi.

Avtotransportlar oldi-sotdisida ishlab chiqarilgan yili, ot kuchi, jami 12 ta toifaga ajratilgan holda umumiy narxning 10 barobar (2 700 000)gacha to‘lov qilinyapti. Shu bois, aksariyat odamlar sotib olayotgan mashinasini o‘zining nomiga rasmiylashtirishdan ko‘ra, 3 yillik ishonchnoma imzolashni afzal ko‘rmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida ishlab chiqarilganlik va ot kuchidan qat’iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari, ya’ni 810 ming so‘m miqdorda davlat boji undirish belgilanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1056

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing