“O‘tkir savol beryapsiz, lekin...” – MB raisi o‘rinbosari Rahmonovning so‘kong‘ichligiga “anaqa”larga to‘la izoh berdi

Intervyu

Joriy yilning 28 avgust kuni Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning tumanda joylashgan bank rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda stol urib majlis ishtirokchilarini so‘kkani, ularni tinimsiz haqoratlab, ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan qo‘rqitgani haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edik. Ushbu maqolaga isbot o‘laroq audioyozuv taqdim etilgan edi.

Shundan so‘ng, joriy yilning 4 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ mazkur audioyozuvga izoh berilishi va Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovga chora ko‘rilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, Toshkent shahar hokimligiga maktub yo‘lladi. 

Bugun, 10 sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Markaziy bank raisi o‘rinbosari Orif Bo‘tayevga mazkur masala bo‘yicha yuzlandi. 

“Biz, menimcha, Markaziy bank yoki bank tizimiga nisbatan yoki qaysidir bankka nisbatan u yoqda bir anaqa ortiqcha, yoki bo‘lmasa haqoratomuz yoki boshqa bizning manfaatlarimizga zid keladigan gap-so‘zlar aytilmagan. Ular qaysidir shaxslarga nisbatan, misol uchun u yerda men eshitmadim qaysidir bank, misol uchun Milliy bank, Promstroybank faoliyati yuzasidan yoki boshqasi yuzasidan, menimcha, e’tiroz bildirmadi”, deydi Orif Bo‘tayev savolga bergan to‘mtoq javobida. 

O‘zbekistonda kasaba uyushmalari federatsiyasi mavjud. Xodimlar huquq va majburiyatlari esa Mehnat kodeksi bilan belgilab qo‘yilgan. Biroq, majburiyatlar bajarilib, huquqlar himoya qilinishiga kelganda qonunlar yoddan ko‘tariladi. Ko‘pchilik ishimni, issiq o‘rnimni yo‘qotmay, qora qozonimga, ro‘zg‘orimga zarar keltirmay, deb ayrim rahbarlarning tahqirlashiga ko‘z yumib ishlab kelaveradi. Agar Olmazor tumani hokimining yig‘ilishda bank rahbarlari va xodimlarini haqoratlaganiga banklarning respublika boshqaruv raislari, ularning ma’muriyati, Markaziy bank ko‘z yumsa, ularni kim himoya qiladi?

“Endi, menimcha, bu hokimiyat, hokimiyat organining rahbar xodimlari boshqa nimalariga baho yoki boshqa berish bizni vakolatimiz yo‘q. Qonunchilik hujjatlari bo‘yicha bizda belgilab qo‘yilgan normalar bor. Fuqarolik kodeksi bo‘yicha ham agar kim o‘ziga nisbatan huquqini buzilgan yoki boshqa manfaatlarini zarar yetkazilgan deb hisoblaydigan bo‘lsa, bu bo‘yicha tegishli anaqaga murojaat qilishga haqqi bor”, deydi Bo‘tayev.  

Muxbir Feruza Najmiddinovaning “Demak, Markaziy bank himoya qilolmaydi?”, degan savoliga “O‘tkir savol beryapsiz, lekin...”, degan Orif Bo‘tayev ovozini pasaytirib. 

“Himoya qilib, xop bizga kimgadir nisbatan yo boshqa bank tizimiga nisbatan biz aytilgan narsa ko‘rmadik. Shuning uchun bu narsaga ortiqcha anaqa berishni....”, deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosar Orif Bo‘tayev.

Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating! 

*Markaziy bank raisi o‘rinbosari Orif Bo‘tayevning so‘zlari o‘zgartirilmay ko‘chirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

486

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing