“O‘tkan kunlar” romani arab tiliga tarjima qilinadi
Jamiyat
−
31 iyul 2023 4224 2 daqiqa
Misrning “Ayn Shams” universiteti professori, yozuvchi, tarjimon Muhammad al-Jibali Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini arab tiliga tarjima qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” Axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasining ma’lum qilishicha, Muhammad al-Jibali Toshkentda bo‘lgani chog‘ida Abdulla Qodiriy uy muzeyida bo‘lib, yozuvchining nabiralari bilan uchrashib, o‘zbek madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishgan. Professor “O‘tkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi, nafaqat Misr, balki butun arab dunyosida iliq kutib olinishiga ishonch bildirmoqda.
Mutaxassisning qayd etishicha, arab tilining sinonimlarga nihoyatda boyligi, har bir harakat va holatni turli usullarda tasvirlash xususiyati, ikki xalqning madaniy-ma’naviy jihatdan yaqinligi romanning ushbu tarjimasi boshqa xorijiy tillardagi tarjimalaridan sezilarli darajada sifatli bo‘lishiga va badiiy go‘zallikni saqlab qolishga imkon beradi.
Romandagi o‘zbekona ruhni aks ettirish, tarjima sifatini oshirish maqsadida tarjima muallifiga O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi madaniy masalalar bo‘yicha attashesi Otabek Alimov hozirgi paytda Qohirada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Husan Abdumajidov, bolalik chog‘laridan buyon Saudiya Arabistonida yashab tahsil olgan, yozuvchi, tarjimon Said Mahmud Kosoniy va boshqalar ko‘maklashmoqda. Asardagi ba’zi arab imlosida (eski o‘zbek yozuvi) bitilgan atamalarni asl holida saqlab qolish uchun romanning ilk nusxasi Abdulla Qodiriyning nabiralari tomonidan taqdim etildi.
“O‘tkan kunlar”ning arab tiliga tarjimasi romanning 100 yilligi arafasida 2024 yili tayyor bo‘lishi va mintaqadagi eng yirik va nufuzli 55-Qohira xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, roman 1920 yillar boshida yozilgan bo‘lib, 1922 yil ilk bor “Inqilob” jurnalida chop etilgan, 1926 yilda o‘zbek tilida moslashtirilgan arab yozuvida, alohida kitob holida nashr qilingan. 1926 yildagi senzura daxl qilmagan asl nashriga asoslangan ilk to‘liq nashri Toshkentda kirill alifbosida 1994 yili chop etilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr