“O‘tkan kunlar”ni ingliz tiliga o‘girgan tarjimon gonorar berilmaganini aytib, Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi

Jamiyat

image

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik madaniyatshunos Mark Eduard Riz hanuz tarjima uchun qalam haqini olmaganini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘lladi. U murojaatini o‘zining Twitter sahifasida qoldirgan.

“Ushbu tvitni yozishim uchun 5 oy ketdi. Mening 3 yillik mehnatlarimning sababi o‘zbek xalqi va sizning islohotlaringizni qo‘llab-quvvatlash edi. Biroq, hukumatingiz amaldorlari tomonidan sodir etilgan noto‘g‘ri xatti-harakatlarga e’tibor qaratishingiz uchun o‘zim yoqtirmaydigan Twitterʼda murojaat qilishga majburman. 

5 oy avval siz meni katta mukofot va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalariga tarqatish uchun sovg‘a tariqasida 1000 nusxada “O‘tkan kunlar” kitobi sotib olinishini va’da qilib, taqdirlagan edingiz. Mukofot kinoyali edi. 

“Men o‘tgan yilning may oyida Toshkentdan ketishimdan bir kun oldin, hukumatingiz a’zosi Xondamir Qodiriy, Abdulla Qodiriyning nabirasi, va mening do‘stim bilan bog‘lanib: “Men Prezident Mirziyoyev bilan yetti daqiqadan so‘ng uchrashaman. U Markka qancha gonorar to‘laganimizni bilmoqchi. Biz Markga pul bermadik. U kechirib, unutib yuboradimi?” degan.

“Men unga: “Siz mendan Mirziyoyevga yolg‘on gapirishimni so‘rayapsizmi? Boring, choyingizni iching”, dedim. Ushbu javobdan keyin xodimingiz do‘stimga tahdid qilgan… Men bu suhbatdan shokka tushdim. Bundan bir kun oldin janob Sultonov (Hayriddin Sultonov, Prezident maslahatchisi — tahr.) bilan ko‘rishgan edim, unga o‘z taklifimni berdim va uning yuqori darajadagi professional ekanligiga ishonch hosil qildim”, deya ta’kidlaydi tadqiqotchi.

Shuningdek, Mark Eduard Rizning ta’kidlashicha, hukumat xodimi do‘stiga tahdid qilgan. Uning xulosasiga ko‘ra, ushbu vaziyat “yuqori rahbariyatning sa’y-harakatlari korrupsiyaga botgan o‘rtakashlarning harakatlari bilan puchga chiqishini” ko‘rsatib bergan.

Tadqiqotchi AQSHga qaytganidan so‘ng Yozuvchilar uyushmasi va davlat tilini rivojlantirish departamenti xodimlari bilan Zoom orqali suhbatlashgan. 

“Ular 1000 nusxa kitob sotib olishni aytishdi. Shuningdek, yiliga 20 ming dollar evaziga Navoiy universitetidan ish taklif qildi”, deb yozadi tarjimon. U bu taklifni rad qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Mark Riz Zoom’dagi muloqot vaqtida u bilan ishlagan xodimlardan biri “kechirishini va gonorarni utushini” so‘raganini ham qo‘shimcha qilgan.

Amerikalik madaniyatshunos o‘z murojaatida Toshkentda yashashdan qo‘rqishini aytgan. U O‘zbekistondagi 3 yillik hayoti davomida hamma xarajatlarni o‘z cho‘ntagidan qoplagan.

“Menga o‘g‘lim bilan Toshkentga ko‘chib o‘tish qulay emas, chunki sizni (Prezidentni) aldashga undagan va do‘stimga tahdid qilganlar qo‘liga o‘z xavfsizligimni topshira olmayman. Men so‘nggi 3 yil davomida onlayn darslar o‘tdim, o‘nlab leksiyalar qildim, lekin hamma xarajatlar o‘z cho‘ntagimdan ketdi. Sayohatlarimning hammasiga o‘zimdan pul sarfladim. O‘rta boshqaruvdagi korrupsiya Xayriddin Sultonovning obro‘siga putur yetkazdi.

O‘zbekistondagi ba’zi nohalol insonlarni deb qolganlarni ham shunday deya olmayman. Lekin bir-ikki kishi sizning islohotlaringizga putur yetkazishi mumkin. Ishonaman, islohotlaringiz muvaffaqiyatsizlikka uchramaydi. Chunki hukumatingizda islohotlarni amalga oshirishda ko‘makchi bo‘la oladigan insonlar ham bor. Buning uchun ularga imkon berish kerak. 

Men Twitterʼni yoqtirmayman. Mening bu akkauntni tashkil qilishimning sababi o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish edi, xolos”, deb yozadi tarjimon.

Eslatib o‘tamiz, amerikalik madaniyatshunos Mark Eduard Riz 2019 yilda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilib, “Bygone days” nomi bilan dunyo kitobxonlari e’tiboriga havola qilgan edi. 

Tarjima uchun romanning 1926 yil bosilgan birinchi va qisqartirilmagan nashri tanlangan. Tarjima ishlari 15 yil (2004-2019 yillar) davom etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing