“O‘sha deputat men edim”. G‘aniyev Akmal Saidovning “qichiq” izohlar bo‘yicha e’tiroziga javob qaytardi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o‘tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.

Bugun, 27 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Saylov qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning ba’zi e’tirozlariga javob qaytardi va yuqoridagi modda bo‘yicha avvalroq o‘zi bergan taklifga tushuntirish berdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda.

“Akmal Xolmatovich (Saidov – tahr.), Konstitutsiyaning 128-moddasi bo‘yicha jurnalist, bloger va deputatlar tomonidan bilib-bilmay har xil “qichiq” izohlar bo‘lyapti, dedingiz. O‘sha deputat men edim. Men ushbu moddaning muddati yoki kiritilishida xatolik bor, degan fikrni aytmadim. Mening taklifim shundayki, 128-moddada Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokama belgilab qo‘yilganini inobatga olib, birinchi o‘qishda qabul qilingan Qonun loyihasini veb-saytimiz orqali jamoatchilik muhokamasiga qo‘ysak, bu turli xil tushunmovchiliklar va mavzuning blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishining oldini olardi”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Deputatga ko‘ra, ushbu taklifni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ham qo‘llab-quvvatlagan.

“Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri ham ham ushbu fikrga qo‘shilib, palata qarorida Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi veb-saytida yoritilishini qayd etdi. O‘ylaymanki, bu jamoatchilik orasida yuzaga kelayotgan noto‘g‘ri talqinlarning oldini oladi”, deydi G‘aniyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1837

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing