“O‘sh voqealari”ga 11 yil: ikki millatni “urush yoqasi”ga olib kelgan nizoda Karimov qanday yo‘l tutgan?
Tahlil
−
11 iyun 2021
652082010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubi. Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.
Ushbu fojiaga bugun, 11 iyun kuni 11 yil to‘ldi. Biroq o‘sha dahshatlardan jovdiragan ko‘zlar haligacha ko‘p savollariga javob topa olmagani aniq. Oradan yillar o‘tganiga qaramay, Qirg‘izistonning bugungi hukumati 2010 yil voqealarining sabab va omillariga aniqlik kiritishga qaror qildi: mamlakatning amaldagi Prezidenti Sadir Japarov ko‘rsatmasi bilan o‘sha davrda Qirg‘izistonni boshqargan Muvaqqat hukumatga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qayta tergov boshlandi. Ishni esa Qamchibek Toshiyev raisligidagi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi olib bormoqda.
Qayd etish kerakki, o‘z vaqtida “O‘sh voqealari” ustidan mahalliy va xalqaro tekshiruvlar ham o‘tkazilgan. Ularning bu boradagi xulosalari qanday bo‘lgandi? O‘zbekiston hukumati Qirg‘iziston hududidagi o‘zbeklar tajovuzga uchrayotgan bir davrdan qanday yo‘l tutgan? Quyida “O‘sh voqealari” xususida so‘z yuritib, ushbu savollarga ham batafsil to‘xtalamiz.
“O‘sh desa, yoshi kattalarni eti jimirlaydi”. O‘shda o‘zi nimalar bo‘lgandi?
“O‘sh voqealari” Qirg‘izistonda 2010 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan davlat to‘ntarishi ortidan avj olgandi. Hokimiyatdan ag‘darilgan Qirg‘iziston Prezidenti Kurmanbek Bakiyev Belarusdan siyosiy boshpana so‘rab, mamlakatdan qochib ketdi. Roza Otunbayeva boshchiligidagi Muvaqqat hukumat Prezidentsiz qolgan Qirg‘izistonda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Bu esa mamlakatdagi siyosiy vaziyatni o‘nglamadi, aksincha, millatlararo to‘qnashuv vujudga keldi. 2010 yilning iyuniga kelib, Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlarida mahalliy o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasida keng qamrovli mojaro sodir bo‘ldi.
Ko‘plab manbalarda 2010 yil may-iyun oylarida Qirg‘izistonning janubida yuz bergan ayanchli voqealardan, asosan, o‘zbek millatiga mansub aholi jabr ko‘rgani aytiladi. Negaki, O‘sh va Jalolobod viloyatlari aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil qiladi. Tartibsizliklar payti voqea joyida bo‘lgan ko‘plab qirg‘izistonliklar ushbu ikki hududdagi yirik bosqinni bevosita millatchilik bilan bog‘lashadi. 2010 yilgi voqealarda O‘sh va Jaloloboddagi o‘zbeklarning uylari vayron qilingan, odamlar tiriklayin yoqilgan. Hattoki, beshikdagi bolalarga ham rahm qilinmagan. Bu voqealarga Qirg‘iziston armiyasi va boshqa kuchishlatar tuzilmalari ham qarshilik ko‘rsatmagan.
O‘zbekistonning tutgan pozitsiyasi
2010 yilda yuz bergan inqiroz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov uchun qaysidir ma’noda yangilik emasdi. U bunday favqulodda vaziyatlarga oldin ham guvoh bo‘lgan. Xususan, SSSR parchalanishi arafasida sovetlarning bosqinchilarga xos bo‘lgan “bo‘lib tashla va hukumronlik qil” siyosati o‘z mevasini berayotgan edi.
SSSR tarkibida tuzilgan mustaqil respublikalar chegarasi o‘tgan asrning 20-30-yillarida shunday “mahorat” bilan chizilgan ediki, mabodo ular mustaqil bo‘lishga intilsa, albatta, o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlar bilan mojaroga borishi va hatto, urushga kirishi kerak bo‘lgan. Tarixan bunday taktika bosqinchi davlatga mustaqil bo‘lishga intilgan mamlakatlarni o‘z tarkibida ushlab qolishda qo‘l kelgan.
O‘tgan asrning 90-yillarida Gruziya, Checheniston, Tog‘li Qorabog‘ hamda Qirg‘iziston millatlararo konfliktni boshdan kechirgan. Ushbu davrda O‘zbekiston SSRga rahbarlik qilgan Islom Karimov yuqoridagi holatlarning guvohi bo‘lgan.
2010 yilga kelib, mustaqil O‘zbekistonning Prezidenti Islom Karimovning o‘zi bunday siyosiy imtihondan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Qirg‘izistonning janubida qirg‘inga uchragan o‘zbek millatining 100 minglab vakili O‘zbekiston tomonga qochib o‘tgan. O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi Hukumati ular uchun Andijon viloyatida vaqtinchalik maxsus lagerlar tashkil qilgan, yashash uchun kerakli bo‘lgan barcha birlamchi manbalar bilan ta’minlagan.
Karimovning oldida Qirg‘iziston tomonidan kelganlarga yordam ko‘rsatish, boshpana berishdan ham ko‘ra og‘irroq vazifa bor edi. Tabiiyki, bunday paytda O‘zbekiston aholisi orasida Qirg‘izistondagi millatdoshlari va ko‘pchilikning qarindoshlari qirg‘inga uchrayotgani haqidagi agressiv xarakterga ega xabarlar tarqalgan. Karimovning vazifasi esa O‘zbekistonda yashovchi o‘zbeklarga chegarani buzib, Qirg‘iziston tomonga o‘tish va O‘shdagi mojaroga qo‘shilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Bu vazifa esa a’lo darajada bajarilgan.
O‘sha vaqtdagi Qirg‘iziston muvaqqat hukumati rahbari Ro‘za Otunbayeva Karimov namoyish etgan xarakterni donolik darajasida olqishlagan.
“2010 yil 11 iyun kuni men Karimov bilan gaplashdim. U chegarani yopishini va hech kimni o‘tkazmasligini aytdi. Ularning orasida ham qarindoshlariga, millatdoshlariga yordam berishni istagan ko‘plab vatanparvarlar bor edi. Agar ular Qirg‘izistonga o‘tganida, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida urush boshlanishi mumkin edi. Karimov buni sezdi va to‘g‘ri qaror qabul qildi. Ularning orasida qaroqchilari, nazoratsiz guruhlari ham bo‘lgan, ammo Karimov bunday mojaroning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. U Qirg‘izistonga o‘sha vaziyatdan chiqishi uchun sharoit yaratib berdi, desam adashmayman”, degan edi Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Otunboyeva.
Tagiga yetilmagan tekshir-tekshirlar
2010 yilning iyunida yuz bergan etnik mojarodan so‘ng, o‘sha yilning o‘zidayoq fojia sabablarini o‘rganish uchun darhol bir nechta turli xil komissiyalar tashkil etildi – xalqaro, milliy, mustaqil. Milliy komissiya ishiga alohida e’tibor qaratildi. Chunki ushbu komissiya mamlakat rasmiylari tashabbusi bilan tuzilgan va har kim o‘z ishining natijalari qanday bo‘lishiga qiziqish bildirgandi. Natija esa kutilganidan ham oshib tushdi. Otunbayeva rahbarlik qilgan Muvaqqat hukumat ko‘plab tanqidlarga uchradi.
Foto: Milliy komissiya rahbari Abdug‘ani Erkebayev
2010 yilning oxirida tergovni tugatgan Milliy komissiya rahbari Abdug‘ani Erkebayev mamlakat parlamentida ma’ruza qildi va baland minbardan turib, qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi haqiqiy qirg‘inning oldini olishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Muvaqqat hukumatni aybladi.
“Iyun voqealari uchun aybning bir qismi Muvaqqat hukumatning bo‘ynida”, deydi Erkebayev.
Bundan tashqari, Milliy komissiya tomonidan olib borilgan tergov jarayonida o‘sha davrda Bosh vazir, keyinroq Prezident bo‘lgan Almazbek Atamboyev va o‘tish davri Prezidenti Roza Otunbayeva Jalolobod va O‘sh viloyatlarida sodir bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvning asosiy tashkilotchilaridan biri, o‘zbek diasporasi rahbari Qodirjon Botirov bilan uchrashgani tasdiqlangan.
Qarashda yuz bergan bo‘linishlar
Muvaqqat hukumatni shakllantirgan Sotsial-demokratik partiyasi vakillari O‘sh voqealari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan Milliy komissiya raisi Abdug‘ani Erkebayevni qattiq tanqid qildi. Ularning fikriga ko‘ra, komissiya xulosasi “shoshilinch ravishda yuzaki o‘tkazilgan va hatto ba’zi joylarida yolg‘on ham ishlatilgan”.
Qirg‘izistonning sobiq Moliya vaziri Temir Sariyevga ko‘ra, Muvaqqat hukumat Qirg‘iziston janubida qon to‘kilishi uchun javobgar emas.
“Muvaqqat hukumat faqat o‘z vaqtida millatlararo nizoning oldini ololmagani uchun aybdor. Ammo biz mamlakatni qutqardik va uning shimolga va janubga bo‘linishiga yo‘l qo‘ymadik ”, deya xulosa qilgan Sariyev.
Milliy komissiya o‘z hisobotini o‘qib eshittirganidan keyin, hatto, Muvaqqat hukumat a’zolariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishni taklif qilganlar ham bo‘ldi. O‘sha vaqtlar “Ota-Yurt” fraksiyasidan deputat bo‘lgan Qamchibek Toshiyev Muvaqqat hukumat a’zolarini siyosiy javobgarlikka tortilishini talab qilgan. Ha, bu o‘sha Qamchibek Toshiyev – hozirda 2010 yilgi voqealarni qayta tergov qilayotgan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.
“Muvaqqatchilar to‘qnashuvlarning asosiy qo‘zg‘atuvchisi sifatida tan olingan o‘zbek jamoatchiligi rahbari bilan mojarodan oldin uchrashgani haqiqatdir. Ammo mamlakat rahbariyatining hech biri javobgarlikka tortilmadi. Bundan tashqari, o‘zbek rahbarlari qochib ketganligi uchun hech kim jazolanmadi. Boshlangan ishni oxirigacha yetkazish va xolis baho berish kerak”, degandi Toshiyev.
Taqdirni qarangki, hozirda 2010 yilgi qirg‘inni qayta tergov qilish vazifasi Qamchibek Toshiyevning gardaniga tushdi. Balki uning o‘zi bu ishlarning oxiriga yetar.
O‘sh voqealari ustida o‘tkazilgan xalqaro tergov
O‘tish davri Prezidenti Roza Otunbayeva 2010 yildayoq “O‘sh voqealari”ning asl sabablarini aniqlash uchun mustaqil xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirgan.
Natijada Qirg‘izistonning Tadqiqot komissiyasi – 2010 yil iyun oyida mamlakat janubidagi etnik nizolarni o‘rganish bo‘yicha Xalqaro mustaqil komissiya tuzildi. Uning tarkibiga Fransiya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Avstraliya, Turkiya va Rossiyadan kelgan yetti kishidan iborat mutaxassis kiritildi.
Ushbu Tadqiqot komissiyasiga finlandiyalik siyosatchi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kimmo Kilyunen rahbarlik qildi.
Bir yilga yaqin davom etgan tergovda yuzlab guvohlarning intervyusi, O‘sh va Jalolobodda sodir bo‘lgan voqealarning minglab fotosuratlari va videofilmlari o‘rganilganidan so‘ng, 2011 yil 3 may kuni komissiyaning batafsil hisoboti e’lon qilindi.
Hisobotda qayd etilishicha, mutaxassislar harbiy jinoyatlar yoki genotsid bo‘yicha dalillar topolmagan, ammo, ba’zi zo‘ravonlik harakatlari insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholangan.
Qirg‘iziston tomoni darhol bunday hisobotni tanqid ostiga oldi. Hukumat bayonotida ushbu hisobot qabul qilinmaydigan va bir tomonlama, deb nomlandi. Unda etnik o‘zbeklar faqat “himoyasiz qurbonlar” sifatida baholangani aytildi. Bayonotda, shuningdek, xalqaro tergovchilar “faqat bir etnik guruh a’zolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olishga moyillikni namoyish etgani, etnik qirg‘izlar tomonidan berilgan qurbonalar esa e’tiborsiz qoldirilgani qayd etilgan.
Foto: Kimmo Kilyunen – Tadqiqot komissiyasi rahbari
O‘shanda Bishkekda Kilyunenni o‘zbeklarni yonini olish uchun hatto, pora olganlikda ayblashgan. Bunga javoban Kilyunen ayblovni “kulgili” va “katta yolg‘on”, deb atagan.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish kerakki, Milliy bo‘ladimi yoki Xalqaro har ikki komissiya ham Otunbayeva rahbarlik qilgan Muvaqqat hukumatni siquvga olgan, uning harakatsizligi va qobilyatsizligini o‘zining tergov ishi hisobotida qayd etgan. O‘sha davrda ham Roza Otunboyeva boshchiligidagi hukumatni ushbu etnik mojaroda aybdor, deb hisoblagan Qamchibek Toshiyev bugun qaysidir ma’noda suvdan quruq chiqqan “laqqa baliqlar”ni jazolash imkoniyatini qo‘lida tutub turibdi. Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz.
LiveBarchasi