Urushgacha Rossiyada “birinchi raqamli" artist edim – Loboda
Madaniyat-san’at
−
09 Sentabr 2022
23628Bir necha yillardan buyon Rossiyada ijod qilib kelayotgan Svetlana Loboda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan oilasi bilan Latviyada yashamoqda. U Katerina Gordeyevaga bergan intervyusi ortidan Rossiya OAV e’tibor markaziga tushdi.
Suhbat davomida Loboda o‘zini Rossiyadagi birinchi raqamli artist deya ta’riflagani Internetning rus segmentida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Intervyu ostidagi 15 mingdan ortiq izohlarda ham ko‘pchilik Lobodaning bu fikriga qo‘shilmagan.
“Mendan rossiyalik muxlislarim “nima uchun bizni tashlab ketdingiz?”, deb so‘rashadi. Men uchun eng asosiysi – bu oila. Men kareramni qurbon qildim, men ko‘p narsani yo‘qotdim, binobarin men Rossiyadagi birinchi raqamli artist edim. Men Rossiyadagi barcha gastrollarimni bekor qildim va avans sifatida berilgan pullarni o‘z egalariga qaytardim. Rossiyadagi shaxsiy tadbirlar bilan ham hammasi tugadi”, deydi u
Rossiyada ijod qilayotgan ko‘plab ukrainalik san’at vakillari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan dunyoning turli o‘lkalariga sochilib ketdi. “Birinchi raqamli” yulduz esa vaqtincha Latviyadan qo‘nim topgan.
“Hozir qizim Yeva Rigada o‘qiyapti, kichik farzandim esa bog‘chaga boryapti. Bundan keyin qayerda yashashimni bilmayman lekin hozircha Latviyada bo‘lib turibmiz. Onam va singlim ham men bilan birga, ular hozir ruhiy tushkunlikda. Ular Kiyev tomon talpinishmoqda, men esa ularni bor kuchim bilan ushlab turibman. Ukrainaga qachon qaytishimizni vaqt ko‘rsatadi”, degan u.
Lobodaning sobiq turmushidan Yeva, ikkinchi turmushidan esa Tilda ismli qizlari bor. Ammo Loboda o‘zining ikkinchi turmush o‘rtog‘ini ommaga ko‘rsatmagan. Xonanda suhbat davomida shu mavzudagi savollarga ham javob qaytargan.
“Turmush o‘rtog‘im haqidagi mavzu shaxsiy hayotimdagi sirli orolcha bo‘lishini xohlayman, shuning uchun men uni ko‘rsatmayman va uni piar qilmayman. Menga omad kulib boqdi, men o‘zimga mos odamni uchratdim. U o‘ta vatanparvar, lekin ukrainalik emas. U meni hech qanday qolipga solish va tizginda tutib turishga harakat qilmaydi”, deydi Loboda turmush o‘rtog‘i haqida.
Loboda har qancha tushkunlikda bo‘lmasin, u qo‘l qovushtirib o‘tirmoqchi emas. Latviyada bir necha marotaba sahnalarda ko‘rinish bergan xonanda Germaniya, Armaniston, Isroil, AQSH, Moldova va O‘zbekistonda gastrol safarida bo‘lishi haqidagi afishalarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boryapti.
Ma’lumot o‘rnida, Svetlana Loboda 1982 yilning 18 oktyabr kuni Ukrainaning Irpen shahrida tug‘ilgan. 2002 yildan xonandalik faoliyatini boshlagan. 2004 yilda “Gra” vokal va cholg‘u ansambli tarkibida ijod qilgan. 2009 yilda “Yevronigoh” tanlovida Ukraina nomidan ishtirok etgan. U tomonidan ijro etilgan “Tvoi Glaza”, “Sluchaynaya”, “Rodnoy” va “SuperSTAR” kabi qo‘shiqlar O‘zbekistonda ham mashhur
LiveBarchasi