Urush vahimasi: Ukraina osmoni yopilmoqda

Olam

image

Bugun, 14 fevraldan boshlab Ukraina havo hududi G‘arb sug‘urta kompaniyalarining talabi tufayli amalda yopilmoqda. Bu haqda “Strana.ua” manbalarga tayanib, xabar bermoqda.

Suhbatdoshlardan biri nashrga tushuntirishicha, boshqa xalqaro kompaniyalarni qayta sug‘urtalovchi yirik britaniyalik sug‘urtachilar butun jahon samolyotlari egalariga Ukrainadagi barcha samolyotlar uchun sug‘urta qoplamasi 48 soatdan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatishi haqida rasmiy xabar yuborgan.

“Dushanba kun o‘rtasidan birorta ham samolyot Ukrainadan uchib o‘tmaydi yoki uchib kelmaydi”, degan manba.

Xususiy samolyot egalari bunday xabarnoma olganini tasdiqlagan. Bu 48 soat ichida barcha samolyotlar Ukrainani tark etishi kerakligini anglatadi.

Portalning yana bir suhbatdoshiga ko‘ra, birinchi muammolar o‘tgan yil oxirida, Ukraina aviatashuvchisiga samolyotlarni ijaraga bergan Yevropa kompaniyasi ikki samolyotni mamlakatdan olib chiqishni talab qilgan paytda boshlangan.

“O‘shanda bu nima bilan bog‘liqligi hali to‘liq tushunilmagan edi. Gap ma’lum bir tashuvchining muammolari haqida ketyapti, u pulga qiynalgan va to‘lay olishi haqiqat dargumon bo‘lgani uchun sug‘urtachilar samolyotlar egasiga ularni Yevropaga olib ketishni maslahat berdi degan mish-mishlar tarqalgandi. Ammo yanvar oyidan boshlab bunday holatlar boshqa aviakompaniyalarda ham takrorlandi. Xalqaro sug‘urtachilar ular xizmat ko‘rsatayotgan xorijiy aviatashuvchilarning samolyotlari Kiyevda to‘xtab qolmasligini talab qilmoqda”, degan nashr manbasi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bo‘lajak “Rossiya hujumi” haqidagi ko‘plab xabarlar Ukraina ustidan parvozlar uchun sug‘urta qoplamasini to‘xtatish qarorini tezlashtirgan.

Bundan tashqari, portalning Yevropa aviatsiya bozori bilan bog‘liq yana bir manbasi samolyotlarning aksariyati yaqin kelajakda mamlakatdan olib chiqilishi mumkinligini, chunki ularning barchasi ijaraga berilganini ta’kidlagan.

Ukraina hukumati mamlakat havo hududini yopishni zarur deb hisoblamayapti. Bu haqda Ukraina Prezidenti devonxonasi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi.

“Eng muhimi, Ukrainaning o‘zi osmonni yopishdan ma’no ko‘rmaydi. Bu bema’nilik. Va, mening fikrimcha, bu qisman blokadaga o‘xshaydi”, degan u.

Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti.AQSH Preziidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

721

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing