Urush ketayotgan Ukrainadan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish yakunlandi
Jamiyat
−
18 mart 2022
5166O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan Polsha hududi orqali Vatanga evakuatsiya qilish jarayoni nihoyasiga yetdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyevga asoslanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lvov shahrida to‘plangan O‘zbekistonning dastlabki o‘ttiz nafar fuqarosi 27 fevral kuni ertalab "Krakovets-Karchova" nazorat-o‘tkazish punkti orqali Ukraina-Polsha chegarasini kesib o‘tgan. Kunning oxiriga borib, Polsha hududidagi nazorat-o‘tkazish punktining jamlog‘ida 400 nafarga yaqin odam to‘plangan.
“Chegarada asosan Ukraina fuqarolaridan iborat ko‘p ming kishilik qochqinlar safi yuzaga keldi, Polsha hududiga o‘tib olishlari uchun salkam 20 soatgacha kutishga majbur bo‘ldik. Mamlakatimiz fuqarolari orasida bolali ayollar, talabalar, Ukrainada vaqtincha o‘qigan yoki ishlagan kompaniyalar xodimlari bor edi”, deydi Bahrom Boboyev.
Xabarga ko‘ra, 28 fevral kuni birinchi samolyot Katovitse shahri aeroportidan Toshkentga uchib ketgan. Har kuni “Uzbekistan Airways” AJ tasarrufidagi 2-3 ta maxsus samolyot Toshkentga uchgan. Polshadan hammasi bo‘lib 25 havo qatnovi vositasida 5786 nafar fuqaro O‘zbekistonga eltib qo‘yilgan.
“Dastlab O‘zbekistonga uchishni xohlovchilar soni 1,5-2 ming nafardan oshmasligi taxmin qilingan edi, biroq Ukrainadagi tez o‘zgaruvchan vaziyat bu taxminlarga mos kelmadi. Odamlarning kelishi kun sayin o‘sib bordi, 2-4 mart kunlari esa ularning soni juda ko‘paydi - o‘sha kunlari to‘planish nuqtasi va aeroportning har birida Vatanga uchishni istayotgan 700-800 nafardan odam to‘plandi”, deydi elchi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish davomida turli sabablarga ko‘ra yonida zarur hujjatlari bo‘lmagan yurtdoshlarga konsullik tomonidan Vataniga qaytishlari uchun 322 ta guvohnoma berilgan. Boshqa davlatlar orasida O‘zbekiston Ukrainadan o‘z fuqarolarini birinchi bo‘lib olib chiqqan.
“Biz uchun ushbu qiyin davrda eng yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan Polsha hukumati va mamlakat fuqarolariga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildiraman”, deydi elchi.
LiveBarchasi