O‘rta asr genotsidi yoxud Quddus uchun musulmonlarga qarshi ochilgan urush 

Tahlil

image_2021-09-16_10-46-23

Insoniyat tarixiga nazar solsak, minglab qonli urushlarga guvoh bo‘lamiz. Tarixda shunday harbiy to‘qnashuvlar bo‘lganki, bu janglar bir necha asrga cho‘zilgan. XI asr oxiridan boshlab yevropalik baronlar va ritsarlar boylik ilinjida Yaqin Sharqdagi musulmon yerlariga istilochilik yurishlarini boshlashdi. Bu harbiy harakatlar tarixda “Salib yurishlari” yoki “butning – yarim oyga qarshi kurashi” deb nomlandi. Bugungi tarixiy maqolamizda dastlabki salib yurishlari va uning sabablari haqida so‘z yuritamiz.

Salib yurishlarining ta’rifi

Salib yurishi deganda Yevropa feodallarining uzoq vaqt davomida aniqrog‘i XI asr oxirdan, to XIII asr oxirgacha Yaqin Sharq – Suriya, Falastin, Misr, Bolqon yarim oroli va boshqa hududlarga olib borgan katta harbiy yurishlari nazarda tutiladi.

Bu harbiy yurish aslida diniy ruhdagi qurolli ekspeditsiya edi. Chunki katolik cherkovi bu yurishni “butning – yarim oyga qarshi, xristianlikning – Islomga qarshi kurashidir”, deb e’lon qilgan. Bu harbiy harakatdan muddao Falastin shahrini “kofirlardan” xalos qilish va xristianlar e’tiqodicha, Quddusdagi “Iso payg‘ambar qabri”ni xristianlarga qaytarib berish bo‘lgan. Haqiqatda esa bu bosqinchilik yurishi bo‘lib, unda yevropalik baronlar, ritsarlar, dehqonlar, hatto, hukmdorlar ham qatnashgan.

Salib yurishlarining sabablari

Salib yurishining asil sabablari XI asrning ikkinchi yarmida Yaqin Sharqda va Yevropada yuz bergan o‘zgarishlarga borib taqaladi. Salib yurishlariga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:

Birinchi – yevropada XI asrda shaharlarning yuksala borishi davomida ichki va tashqi savdo rivojlandi. Yevropadagi mayorat (yer-mulkni maydalanib ketmasligi uchun mulkni katta o‘g‘ilga meros qilib qoldirish udumi) tizimining tarqalishi ko‘plab ritsarlarni ishsiz qilib qo‘ydi. Endilikda ishsiz qolgan ritsarlar turli mojarolarga aralashib, ba’zida ochiqchasiga yo‘lto‘sarlik qilib, savdogarlarni talashar va hatto monastirlarga hujum qilishar edi. Shunday sharoitda ritsarlarning diqqat-e’tiborini boshqa narsaga jalb etish zarur bo‘lgan. 

Ikkinchi – yevropa shaharlarining barchasi Vizantiya va Sharq mamlakatlari bilan savdo qilishdan manfaatdor bo‘lishgan. Xususan, G‘arb bozorlarida Sharqdan keltiriladigan ipak matolar, qimmatbaho qurol-aslahalar, shishadan tayyorlangan badiiy buyumlar va ziravorlarga talab kuchli bo‘lgan. Savdogarlarning birgina Sharqdan muvaffaqiyatli kelgan karvoni katta boylik keltirgan. O‘sha vaqtda dengiz ortidagi Sharq mamlakatlari haqida turli afsonalar keng tarqalgan edi. “Sharq – yerdagi jannat”, degan tushuncha yevropa hukmdorlarida katta qiziqish uyg‘otgan.

Uchinchi – 1054 yilda xristian cherkovi ikkiga Sharqiy (pravoslav), G‘arbiy (katolikka) bo‘linib ketdi. XI asrda Rim papalari Yevropa hukmdorlari orasida bosh hakamlikka da’vo qilayotgan edi. XI asr o‘rtalarida Vizantiya imperiyasining zaiflashib qolishi Rim papasining sharqiy xristian cherkovi ustidan hukmronligini qayta tiklashga bo‘lgan intilishini kuchaytirdi.

To‘rtinchi – XI asrda Saljuqiy turklar Yaqin Sharqdagi Vizantiya imperiyasining (hozirgi Turkiya) hududlariga bosqinchilik yurishini amalga oshirib, ba’zi hududlarni bosib olishdi. Bu esa Vizantiya imperatorlarini vahimaga sola boshladi. Tez orada, Saljuqiy turklar Konstantinopolga qo‘shni bo‘lgan Nika shahrini egallab olib, u yerni o‘zlariga poytaxt qilib oladilar. 1071 yilda turklar Mansikert shahri yaqinida vizantiyaliklarni mag‘lubiyatga uchratadi. Shundan so‘ng, Vizantiya imperatori Aleksey Kamnin turklarga qarshi yordam so‘rab, Rim papasi va Germaniya imperatoriga bir necha marotaba maktub yo‘lladi. Bu maktublar Yevropa hukmdorlari va Rim papasi uchun chaqiriq qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qildi.

Shu tariqa, XI asrning oxirida Yevropada vujudga kelgan ichki va tashqi siyosiy vaziyat salib yurishlari uchun zamin yaratdi.

Birinchi salib yurishi

1095 yil noyabr oyining oxirida Fransiyaning janubidagi Klermon shahrida katolik cherkovining umumjahon yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Rim papasi Urban II yig‘in tugaganidan so‘ng to‘plangan yepiskoplar, abbatlar, ritsarlar, minglab aholi vakillari huzurida nutq so‘zlaydi. Papa “payg‘ambar qabrini” ozod etish uchun barchani salib yurishiga chaqirdi. Urban II ushbu yurishda qatnashib, halok bo‘lganlarning gunohlaridan kechishini, “kim bu yerda g‘amda va kambag‘allikda bo‘lsa, u yer (narigi dunyo)da xushchaqchaq va boy bo‘ladi”, deb va’da beradi. U “Quddusni yerning kindigi, jannatmakon o‘lka, unda asal va sut daryo bo‘lib oqadi”, deb ta’riflaydi. To‘planganlar “Xudoning xohishi shu”, deb hayqirib, shu yerning o‘zida kiyimlariga matodan tayyorlangan but shaklini tika boshlaydilar.

Rim papasining chaqirig‘i qisqa vaqt ichida butun Yevropaga keng yoyildi. 1096 yilning bahorida Shimoliy va Sharqiy Fransiya, qisman G‘arbiy Germaniyadagi dehqonlar salib yurishi uchun yo‘lga tushdi. Qo‘yni puch yong‘oqqa to‘lgan dehqonlarga monax Pyotr Amenskiy va kichik mulkdor ritser Valter Golyak boshchilik qildi. Dehqonlar guruhi yo‘l-yo‘lakay shahar va qishloqlarni taladi. Jumladan, Reyn daryosi bo‘yidagi shaharlardan o‘tib keta turib, u yerdagi Klyon, Mayns va boshqa shaharlarni talon-toroj qildilar. Ular Vengriya va Bolgariya orqali Konstantinopolga yetib keladi. Keyinchalik, salibchilar Konstantinopol shahridan Kichik Osiyo sohiliga o‘tkazib qo‘yildi. Dehqonlar guruhi tez orada turk qo‘shini bilan to‘qnash keldi. Turklar ilk to‘qnashuvdayoq qurollangan dehqonlarning ko‘pchilik qismini qirib tashlaydi.

1096 yilning kuzida asosan fransuz, italyan, qisman G‘arbiy Germaniya ritsarlari Sharqqa jo‘nab ketadi. Bu yurishga quyi Lotaringiya gersogi Gotfrid Bulonskiy boshchilik qilib, o‘zi bilan birga ikki ukasi Balduin bilan Yestafiyni olib ketadi. Birinchi salib yurishida jami bo‘lib, 30-40 ming ritser qatnashadi. Salibchilar 1097 yilning bahorida Konstantinopol shahriga yetib keladi.

1097 yilning yozida salibchilar Sharqiy Rim imperatoriga “turklardan tortib olingan yerlarni Vizantiyaga beramiz”, deya yolg‘on va’da berib, Kichik Osiyoga o‘tib ketishdi. Dorileya yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda og‘ir qurollangan salibchilar turklarni mag‘lub etdi. Shundan so‘ng, ular Falastin tomon harakat qila boshlaydi. Jazirama issiq, tog‘li yo‘llar salibchilar uchun katta qiyinchilik tug‘dirdi. Yurishda qatnashayotgan ko‘plab ritsarlar  suvsizlikdan yo‘lda halok bo‘ldi. Agar salibchilar Shimoliy Suriya chegarasida armanlarga duch kelmaganlarida, bu yurish tamomila barbod bo‘lar edi. Kilikiya “Kichik Armaniston”, deb atalgan o‘lka salibchilar yordamidan manfaatdor edi. Chunki o‘sha vaqtda armanlar Vizantiya bilan ham, turklar bilan ham dushmanlik munosabatida bo‘lishgan.

Quddusning egallanishi

1099 yilning boshida salibchilar Quddus tomon yurish boshladi. Ritsarlar  qo‘shini 1099 yilning yozida Muqaddas shaharga yetib keldi. 15 iyul kuni salibchilar Quddus shahrini qo‘lga kiritishdi. Yevropalik ritsarlar yoshi va jinsidan qat’i nazar shahardagi musulmon va yahudiylarning barchasini qilichdan o‘tkazdi. Hatto, sharqiy shahar aholisi bo‘lgan nasroniylar dushmanga yordam berishda ayblanib, o‘z uylaridan quvilgan.

Muqaddas shaharning ko‘chalari hech qanday sababsiz to‘kilgan qon dengizi bilan yuvildi. Qirg‘inlar harbiy zarurat bilan emas, balki faqat odamlarning qalbiga dahshat solish istagi bilan qilindi.

Bugungi kunda tarixchilar ushbu qirg‘inni “o‘rta asr genotsidi”, deb atashadi. Bu faqat o‘sha paytdagi yevropaliklarning eshitilmagan vahshiyligi va aqidaparastligi bilan izohlanadi. Musulmonlar haqli ravishda qasos olmoqchi bo‘lishdi va qariyb yuz yildan keyin buni amalga oshirishdi.

Muqaddas shaharning olinishi G‘arbda katta shodiyonalar bilan nishonlanadi. Ushbu shaharda salibchilar Quddus qirolligini tuzishdi. Uning hududiga Falastin va Janubiy Suriya yerlari kiritildi. Qirollik taxtini “payg‘ambar tobutining himoyachisi” nomi bilan Gotfrid Bulonskiy egalladi.

Muqaddas shahar egallangach, Yevropadagi minglab ritsarlar, dehqonlar Sharq tomon ko‘cha boshladi. Lonbardiyaliklar (fransuzlar) saljuqiy turklardan Akra shahrini tortib oladilar. 1101-1109 yillarda Quddus qirolligiga Xayfa, Kesariya, Akra, Tiripoli, Sayda va Bayrut shaharlari qo‘shib olindi. Ko‘p o‘tmay, salibchilar Tiripoli grafligini tuzishdi. Tez orada Misr va Kilikiya o‘lkasi oralig‘idagi O‘rta Yer dengizining Sharqiy sohillari yevropaliklar qo‘liga o‘tdi.

Salibchilar tuzgan davlatlar

Salibchilar turklarning orasidagi nizolardan foydalanib Kichik Osiyodagi viloyatlarni birin-ketin egallab olishdi. Shundan so‘ng, yevropaliklar asta-sekin Sharqda o‘z davlatlariga asos sola boshladi. Dastlab, Edessa va Tripoli grafligi keyinchalik, Antioxiya knyazligi tashkil etildi. Ular Quddus qirolligiga bo‘ysungan.

Diniy-ritsarlik ordenlari

1099-1100 yillarda birinchi salib yurishi tamom bo‘lganidan so‘ng ritsarlarning bir qismi Yevropaga qaytib ketdi. Falastinda bir necha ming jangchi qoldi, xolos. Salibchilar egallab olingan yerlarni mudofaa qilish uchun o‘ziga xos doimiy qo‘shin tuzishga majbur bo‘lishdi. Shundan so‘ng, ritsarlarga yordam tariqasida uchta diniy-ritsarlik ordeni tashkil etildi.

1199 yilda birinchi bo‘lib, “Tampiler” yoki “Ibodatxona ahllari” deb nomlangan fransuz ordeni tasis qilindi. Rivoyatlarga ko‘ra, orden binosi qadimiy podshoh Sulaymonning yahudiy ibodatxonasi yaqinida bo‘lgan. Tampliyerlar ordeni tashkil etilganidan keyin, tez orada shunga o‘xshash “Gospitaliyerlar” yoki “Ionnitlar” (ushbu nom avliyo Ioann sharafiga qo‘yilgan), deya nomlangan italyan ordeni tuzildi. Bu orden a’zolari shifoxonalarda ziyoratchilar va ritsarlarni davolagan. 1190 yilda esa uchinchi “Tevton” diniy-ritsarlik ordeni ta’sis etildi.

Bu ordenlarni olganlar bir vaqtda ham monarx, ham ritsar bo‘lib xizmat qilishgan. Ularning maxsus monarxlik qonunlari va harbiy boshliqlari bo‘lgan. Diniy-ritsar ordenlari sohiblari bevosita Rim papasiga bo‘ysungan.

Diniy-ritsarlik ordenlari XII asrda Quddus qirolligidagi eng qudratli va jipslashgan kuch bo‘lgan. Lekin ularning mustaqil harakat qilishi katta yer egalari bilan o‘zar nizo keltirib chiqardi. Bu esa salibchilar davlatining zaiflashuviga olib keldi.

XII asrda Kichik Osiyodagi musulmon amirliklar birlashib, xristianlar egallab olgan yerlarni qaytarib ola boshladi. Mosul amiri 1144 yilda Edessa grafligini egallab, Antioxiya knyazligiga xavf soldi. Bu esa navbatdagi salib yurishiga sabab bo‘ldi.

Ikkinchi salib yurishi

Ikkinchi salib yurishi 1147-1149 yillarda tashkil qilindi. Uning tashkilotchisi Klevro monastiri abbati Bernar bo‘ldi. Ikkinchi salib yurishida Fransiya qiroli Ludovik VII va Germaniya qiroli Konrad III o‘z qo‘shinlari bilan ishtirok etishdi. Ammo, bu yurish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Nemis salibchilarini Kichik Osiyoda saljuqiy turklar tor-mor etishdi. Fransiyalik salibchilar bo‘lsa, Damashq shahrini egallay olmagach, ortga qaytib ketishdi.

1171 yilda Misr hukmdori bo‘lgan Salohiddin al-Ayyubiy salibchilarga qarshi kurash boshlaydi. U 1187 yilda Tivernad ko‘li bo‘yidagi jangda ritsarlar  qo‘shinini yengib, Quddus shahrini xristianlardan qaytarib oladi. Muqaddas shaharning boy berilishi navbatdagi salib yurishiga bahona bo‘ldi. Galdagi harbiy yurishida Angliya qiroli Richerd I Sheryurak, Fransiya qiroli Fillip II va Germaniya imperatori Fidrix I Barbarossa ishtirok etadi. 

Kelgusi maqolamizda Uchinchi salib yurishi va Quddus shahrining xristianlardan to‘liq qaytarib olinishi hamda Salohiddin al-Ayyubiyning salibchilarga qarshi olib borgan kurashlari haqida ma’lumot beramiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

405

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing