O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi yonidagi 5 tup terak kesib ketildi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2022
4285O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi yonginasida 5 tup daraxt kesib tashlandi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturida ma’lum qilindi.
Daraxt kesilgani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev o‘zining Telegram'dagi sahifasida ma’lum qilgan. U O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining yonida joylashgan avtoturargohda daraxtlar kesilgani, bu holatga darhol chora ko‘rish zarurligini aytgan.
“Toshkentdagi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining yonida joylashgan avtoturargohda daraxtlar kesib ketilibdi. Ish shunchalik ustalik bilan qilinganidan daraxtlar ham olib ketilgan. Nahot hech kim ko‘rmagan bo‘lsa? O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasidagilar ham ko‘rmaganmi shunda? Mas’ullar qayerga qarayapti? Shuni tekshirib, chora ko‘rishsin. Daraxt kesish to‘xtamayapti-ku”, deb yozgan deputat.
“Yangi davr” ko‘rsatuvi ijodkorlari holat sodir etilgan joyga borib, voqeani o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, Qibray tumani Universitet ko‘chasida joylashgan avtoturargoh hududida 5 tup terak daraxti kesilgan.
“Qibray tumani universitet ko‘chasida joylashgan “SBS-MAX” MCHJ avtoturargoh korxonasi 3 oktyabr kuni Davlat xizmatlari markaziga besh tup qurigan, avariya holatidagi terak daraxtlarini kesish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Shu ariza asosida ekologiya inspektorlari besh tup terak daraxtini kelib o‘rganishganda, haqiqatdan ham daraxtlar qurigan, kasallangan, avariya holatida ekani aniqlangan”, deydi mutaxassis.
Uning qo‘shimcha qilishicha, terak daraxtlari moratoriy dasturiga kiritilmagan va kam qiymatli hisoblanadi. Qolaversa, daraxtlarni kesish uchun dalolatnoma ham rasmiylashtirilgan.
“Korxonaga tegishli hududda daraxtlarni kesish uchun o‘tkazilgan o‘rganish dalolatnomasi bor. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati boshqarmasining 2022 yil 5 oktyabrdagi 24.37.0505 raqamli ruxsatnomasi asosida, korxona o‘zining mulki bo‘lgan terak daraxtlarini kesishiga ruxsat berilgan. Daraxtlar qonuniy asosda kesilgan”, deydi Ekologiya va atrof-muxitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qibray tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Qobil To‘ychiyev.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari Sangin Madaminovga ko‘ra, korxona rahbari qo‘mitaga ham daraxt kesish masalasida murojaat qilgan.
“MCHJ avtoturargoh hududidagi terak daraxtini kesish yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga murojaat qilgan. Bu hudud qo‘mita tasarrufida bo‘lmagani sababli yagona darcha orqali Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasiga murojaat qilishlari daraxtlarning holati o‘rganilib, xulosa berilishini ma’lum qilganmiz”, deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari.
LiveBarchasi