Urganch davlat universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
18 Sentabr
14328Boshlang‘ich narxi 29,7 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan Urganch davlat universitetiga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash yuzasidan tegishli sud organiga ma’lumotlar yuborildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi viloyat prokuraturasining topshirig‘iga asosan Urganch davlat universiteti tomonidan davlat xususiy sherikchiligi asosida 7 qavatli, 600 o‘rinli talabalar turarjoyi binosi qurilishi bo‘yicha boshlang‘ich narxi 29,7 mlrd so‘m bo‘lgan tender savdosi yuzasidan o‘rganish ishlarini o‘tkazgan.
O‘rganishlar davomida universitet tomonidan Xorazm viloyati qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markaziga yuborilgan anketada “7 qavatli, 600 o‘rinli talabalar turarjoyi binosi qurilishi” ob’ektini sohaviy mansubligi va xavf-xatar toifasi II toifa qilib belgilanganligi ma’lum bo‘lgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 avgustdagi 496-sonli qaroriga asosan, 9 qavatgacha bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalari III toifa sifatida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozimligi qayd qilingan.
Ammo Urganch davlat universiteti tomonidan III toifa sifatida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozim bo‘lgan ob’ektni II toifa qilib belgilashi natijasida boshqa viloyatdagi qurilish tashkilotlarining tenderda ishtirok etishi cheklangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan Urganch davlat universitetiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash yuzasidan tegishli sud organiga ma’lumotlar yuborildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi