Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yangi gigiyenik talablar o‘rnatildi
Jamiyat
−
24 avgust 2022 17426 2 daqiqa
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yangi sanitariya-gigiyena talablari o‘rnatilmoqda. Bu Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari”da belgilangan va u Adliya vazirligi tomonidan hisobga olingan.
Ushbu yangi talablar bilan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar (umumiy ovqatlanish korxonalarida suv ta’minoti bo‘lmaganda korxona faoliyatini to‘xtatishi kerakligi, ovqat tayyorlashda ko‘mir va o‘tin kabi yog‘ilg‘ilardan foydalanish taqiqlanishi kabilar) bekor qilingan.
Yangi tahrirdagi hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilangan:
• umumiy ovqatlanish korxonalarida ichimlik suvi bilan ta’minlash markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga ulanish yo‘li bilan amalga oshirilishi;
• markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimi mavjud bo‘lmagan taqdirda, ichki suv ta’minoti tizimi artezian qudug‘idan, boshqa quduqlardan yoki kaptajlardan foydalangan holda tashkil etilishi mumkinligi;
• chiqindi yig‘ish maydonchasini belgilangan masofada joylashtirish imkoni bo‘lmaganda, chiqindilar korxonalarning sovitish tizimi, yuvish va dezinfeksiyalash imkoni bo‘lgan alohida xonasida saqlanishiga yo‘l qo‘yilishi kabi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilmasligi belgilangan:
• texnologik jarayon talablariga rioya qilishni ta’minlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda mahsulot tayyorlash;
• yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz yoki sifati bo‘yicha shubhali, buzilish belgilari bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish;
• germetik idishlarda sabzavotli, go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli konservalar tayyorlash;
• quritilgan va dudlangan baliq tayyorlash va quritilgan qo‘ziqorinlar tayyorlash.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan ish boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi shart:
• zargarlik buyumlari, soatlar yechilishi;
• sochlarni ro‘mol yoki qalpoq ostiga yig‘ilishi;
• toza sanitariya kiyimlari kiyilishi;
• qo‘llar iliq suvda sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi, tirnoqlar olingan va lak surilmagan bo‘lishi kerak.
Live
Barchasi