Kurs UZS

USD

12 980.33

11.95

EUR

14 779.40

436.37

RUB

154.51

2.14

Umraga borishni niyat qilgan 2,5 mingdan ortiq odam aldandi

3-sahifa

image

“Umra” ziyoratiga yuborish uchun tegishli litsenziya va ruxsatnomasi mavjud bo‘lmasdan turib, odamlarni chuv tushirayotgan turoperatorlar aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Umra” ziyoratchilariga eng katta miqdorda, ya’ni 25 mlrd so‘mlik zararni “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways”  firmalari yetkazgan bo‘lib, aldanib qolgan jabrlanuvchilar soni 2 558 nafarni tashkil etadi.

Qolaversa, Surxondaryo viloyati “Bilolbek travel” MCHJ Jarqo‘rg‘on tumani filiali xodimi N.J. tegishli ruxsatnomasiz “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, fuqaro M.A.ning 14 mln 900 ming so‘m miqdoridagi pulini aldov yo‘li bilan olgan.

Shuningdek, mazkur MCHJning Boysun tuman filiali mutaxassisi A.S. ham ziyorat uchun fuqaro X.M.ning ishonchiga kirib, 2 200 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bildirilishicha, yuqoridagi holatlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarni aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, pullarini o‘zlashtirayotgan, o‘zlarini esa xorijda sarson bo‘lishiga sabab bo‘layotgan sayyohlik firmalari va turoperatorlariga tegishli choralar ko‘rilgan.

Shuningdek, qo‘mita fuqarolardan noto‘g‘ri, ishonchsiz va shubhali reklama axborotlari berilgan holatlar kuzatilsa yoki bunday axborot tufayli zarar ko‘rgan taqdirda, Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishlarini so‘ragan.

Ma’lumot uchun, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyat Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli hamda 2024 yil 12 oktyabrdagi 668-sonli qarorlari asosida amalga oshiriladi. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga 2024 yil 2 iyulda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.

O‘z navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) 12 ta turoperatorlar ro‘yxati e’lon qilingan. Tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan sub’ektlar tomonidan ushbu xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlangan.

Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Umra” litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing