Umra–2023 mavsumining navbatdagi bosqichi boshlandi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2023
4465Umra–2023 mavsumining navbatdagi bosqichi bugun, 14 sentyabr kuni boshlandi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 14 sentyabr kuni Umra-2023 mavsumining navbatdagi bosqich ilk guruh ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston–Saudiya aviaqatnovi har uch kunda bir marta amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi. Mavsum davomida tajribali imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari (ellikboshi) hamda malakali shifokorlar yurtdoshlarga xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar Madinada “Saraya Harmoniy”, Makka shahrida esa “Olyan Maasi” singari zamonaviy mehmonxonalarga joylashtiriladi. Ularga 3 mahal issiq ovqat, shirinlik va sarxil mevalar tortiq qilinadi.
Shuningdek, ziyoratchilar 10 kun mobaynida Umra va Haj ibodatini ado etish bilan bir qatorda Makka va Madina shaharlaridagi muqaddas qadamjolarni ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani, mazkur qaror natijasi o‘laroq endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga qo‘yiladigan shartlar nimalardan iborat ekanligi aytilgan edi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 oktyabrdan umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etib boriladi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida e’lon qilib boriladi. Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llanadi.
Imomova Mashhura
LiveBarchasi