“Ummon” guruhining sobiq a’zosi Jasur Rafiqov ham dardga chalingani ma’lum bo‘ldi

Madaniyat-san’at 54375
image

Bugun, 6 oktyabr kuni “Ummon” guruhi a’zosi Shohruh Isamuhammedov o‘zining Instagram sahifasi orqali yaqinda avtohalokatga uchragan Zohid Rixsiyev bilan birga yana bir guruhdoshi Jasur Rafiqovning dardiga ham shifo va duo so‘radi.

“Har kuni birga edik. Yoshlik, mashhurlik birga o‘tdi. Birga ulg‘aydik. Ne ne tanqid-u, yomonliklarni ham birga ko‘rdik. Bir oila edik — Zohid, Jasur, Shohruh. Kunlar keldi, hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Oylab ko‘rishmas edik, bir-birimizni ko‘rmasak-da, lekin tariximizni har soniya eslab turardik, ko‘rishib qolsak ham soatlab o‘tgan kunlarimizni gaplashib o‘tirardik. Do‘stim sizlarni borligingiz men uchun juda muhim ekanligini bildim. Bir-birimizni oylab ko‘rmasak ham lekin biz bir butun ekanligimizni bildim. Bugun butun xalqimizdan, hamma-hammadan iltimos qilib qolaman: o‘sha siz bilgan Zohidni hamda Jasurni haqqiga duo qiling. Allohim o‘zingga barchasi oson, Zohidni ham, Jasurni ham dardiga shifo ber”, deydi u.

Shohruh Isamuhammedov Jasur aynan qanday dard bilan og‘riganini aytmagan bo‘lsa-da izohlardan anglashilishicha, Jasur Rafiqov saraton kasalligi bilan og‘rigan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra “Ummon” guruhining sobiq solisti Zohid Rixsiyev 7-shahar klinikasidan, Respublika shoshilinch-tez tibbiy yordam markaziga ko‘chirilgan bo‘lib, hamon koma holatida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 sentyabr kuni “Ummon” guruhi solisti Zohid Rixsiyev o‘zining boshqaruvidagi BMW rusumli transport vositasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida avtohalokatga uchragan edi. Oqibatda mashinada bo‘lgan yana uch kishidan biri, 1994 yilda tug‘ilgan X.S. esa voqea joyida vafot etgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Ummon” guruhi 2007 yilda Zohid Rixsiyev, Jasur Rafiqov va Shohruh Isamuhammedov tomonidan tashkil etilgan. 2018 yilda Zohid Rixsiyev guruhni tark etib o‘z yakkaxon ijodini boshlagan. 2019 yilda esa guruh butkul parchalangan.

Ulug‘bek Xudoyberganov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 2416
Reyting: 3
t
×