Umid bor, ammo ishonch… “Oq bo‘rilar”mo‘’jiza ko‘rsatadimi?
Tahlil
−
18:28 2246 5 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etib, mamlakat futboli tarixida yangi sahifa ochdi. Saralash bosqichida ishonchli o‘yin ko‘rsatgan va Osiyoning eng barqaror jamoalaridan biri sifatida musobaqaga yo‘l olgan “Oq bo‘rilar” endi guruh bosqichining hal qiluvchi uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Toshkent vaqti bilan 28 iyun kuni tong saharda AQSHning Atlanta shahridagi “Mersedes-Bens” stadionida O‘zbekiston Kongo DR bilan maydonga tushadi. Ushbu bahs har ikki jamoa uchun ham pley-off taqdirini hal qiluvchi bahs bo‘lishi aniq.
Qiyin boshlangan Jahon chempionati
O‘zbekiston musobaqadagi birinchi o‘yinida Janubiy Amerikaning kuchli va tajribali jamoasi Kolumbiyaga qarshi maydonga tushgandi. Terma jamoa ayrim epizodlarda munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, raqibning yuqori individual mahorati o‘z so‘zini aytdi va bahs 3:1 hisobida Kolumbiya foydasiga hal bo‘ldi.
Ikkinchi turda esa, dunyoning eng zo‘r o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi yevropaliklar O‘zbekiston himoyasiga jiddiy bosim o‘tkazib, 5:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Bu natija nafaqat ochkolar jihatidan, balki to‘plar nisbati bo‘yicha ham O‘zbekistonning imkoniyatlarini murakkablashtirib yubordi.
Ikki turdan so‘ng, Kolumbiya 6 ochko bilan pley-off masalasini hal qilgan bo‘lsa, Portugaliya 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Kongo Demokratik Respublikasi hisobida 1 ochko mavjud, O‘zbekiston esa hozircha ochko ishlay olmagan holda guruhda to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Orzularga intilayotgan Kongo DR
Kongo DR ham so‘nggi tur oldidan og‘ir vaziyatga tushib qolgan. Afrikaliklar birinchi turda Portugaliya bilan durang o‘ynab, keyingi bahsda Kolumbiyaga minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi. Agar Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadigan uchinchi tur uchrashuvida Kongo DR O‘zbekistonni mag‘lub etsa, eng yaxshi uchinchi o‘rinni egallagan jamoalardan biri sifatida 1/16 finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Shu sababli jamoa bosh murabbiyi Sebasten Desabr jamoasi ehtiyotkor taktikani chetga surib, O‘zbekistonga qarshi faqat g‘alaba uchun hujumkor futbol namoyish etishini ma’lum qildi.
“Biz Kongo uchun Jahon chempionatidagi ilk ochkoni qo‘lga kiritganimizdan mamnunmiz. Jamoamiz yaxshi yo‘lni bosib o‘tdi va biz butun kongoliklar uchun orzu hamda bu tarixni davom ettirishimiz mumkin. Futbolchilarimiz bu chaqiriqqa tayyor. Ilk ikki uchrashuvdan keyin taqdirimiz o‘z qo‘limizda qolishi uchun bizga kamida bir ochko kerak edi. Endi esa g‘alaba shart, shuning uchun tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi”, degan Dezabr matbuot anjumanida.
Jamoaning asosiy hujum kuchi Angliya Premer-ligasida to‘p surayotgan Yoan Vissa bo‘lib, u ushbu Jahon chempionatida Kongoning portugallar darvozasiga urilgan yagona goliga mualliflik qildi. Shuningdek, tajribali hujumchi Sedrik Bakambu ham har qanday himoya uchun jiddiy xavf tug‘dira oladi. Tabiiyki, kutilayotgan so‘nggi tur bahsi ular uchun orzulari yo‘lidagi so‘nggi umid bo‘lishi turgan gap.
Kongo DRning faqat g‘alaba uchun hujum qilishga majbur ekani O‘zbekiston uchun ham muayyan imkoniyatlar yaratishi mumkin. Avvalgi ikki uchrashuvda raqiblar asosan to‘pni nazorat qilib o‘ynagan bo‘lsa, bu gal maydonda nisbatan ochiq futbol bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa jamoadagi nisbatan tezkor futbolchilar uchun qarshi hujumlarda qulay sharoit yaratishi mumkin. Himoya esa yana sinaladi.
Xo‘sh, imkoniyat bormi?
Nazariy jihatdan – ha. So‘nggi natijalarga nazar tashlansa, har ikki jamoa ham ideal formada emas. E’tiborli jihati, Kongo DR ishtirokidagi so‘nggi to‘rt uchrashuvning barchasida umumiy hisobda uchtadan kam gol qayd etilgan. “O‘q bo‘rilar” esa oxirgi olti o‘yinda jami 6 ta gol urib, 13 ta o‘tkazib yubordi. Jamoa barcha gollarini doim raqibdan so‘ng ikkinchi bo‘lib urgan.
Biroq O‘zbekiston uchun vazifa juda murakkab. Avvalo, Kongo DRni albatta mag‘lub etish lozim. Mag‘lub etganda ham 7+ gollar nisbati bilan mag‘lub etishi kerak. Qiyin masala, lekin matematik jihatdan imkoni bor masala. Baxtga qarshi, boshqa guruhlardagi natijalar ham O‘zbekiston foydasiga teskari shakllandi. Portugaliyadan qabul qilingan 5 ta javobsiz gol esa to‘plar nisbati bo‘yicha jiddiy salbiy omilga aylangan. Shu bois hatto g‘alaba ham avtomatik ravishda keyingi bosqich yo‘llanmasini kafolatlamaydi.
Qog‘ozda qaralsa, Kongo DR ma’lum darajada favorit hisoblanadi. Jamoa tarkibida Yevropa chempionatlarida o‘ynaydigan bir qator tajribali futbolchilar mavjud. Biroq psixologik bosim har ikki jamoada ham bir xil. O‘zbekiston uchun eng muhim vazifa har doimgidek himoyada xatolarni kamaytirish va qarshi hujumlardan maksimal darajada samarali foydalanish bo‘ladi.
Muhimi bir pog‘ona o‘sish
Agar “Oq bo‘rilar” o‘yin intizomini saqlay olsa, birinchi bo‘lib golni o‘tkazib yubormasa va o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalansa, tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Biroq bu yerda asosiy masala keyingi bosqichga chiqish emas, gap g‘alabada. Milliy terma jamoaning nufuzli turnirdagi ilk ishtirokida birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritishi yigitlar uchun ayniqsa ruhiy jihatdan muhim masaladir.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro JCH guruh bosqichi so‘nggi turidan o‘rin olgan bahsda g‘alaba qozonish uchun maydonga chiqishini aytib, aslida jamoa uchun eng muhim bo‘lgan narsani ta’kidlab o‘tdi. Murabbiyning aytishicha, Jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun katta tajriba maktabiga aylanmoqda.
“Biz bu turnirda juda ko‘p narsani o‘rganyapmiz. Jamoa sifatida o‘sishimiz mumkin, chunki yuqori darajadagi raqiblarga qarshi o‘ynayapmiz. Ertangi bahs ham rivojlanishimizga xizmat qiladi”, degan Kannavaro.
Jamoa sardori Eldor Shomurodov ham asosiy maqsad turnirdagi ilk g‘alabani qo‘lga kiritish ekanini ta’kidladi.
Umuman olganda, bu ham to‘g‘ri yondashuvdir. Puchga chiqayotgan imkoniyatlarni sanash davri o‘tdi. Endi muhimroq narsalar uchun, tajriba va zavqlanish uchun ham o‘ynash, bosimdan qutulish va o‘zini topish maqsadida harakat qilish “Oq bo‘rilar” uchun eng muhimidir.
Live
Barchasi