Ulug‘bek Qodirov o‘zbek-belarus filmida suratga tushadi. Film byudjeti 2 million dollar

Madaniyat-san’at

image

Minskda bo‘lib o‘tgan “Listapad” kinofestivalida kinoaktyor Ulug‘bek Qodirov bilan “Kazbek” o‘zbek-belarus filmida ishtirok etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.  Bu haqda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Uch tomonlama shartnomani “O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov, aktyor Ulug‘bek Qodirov hamda “Belarusfilm” kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy imzoladi.

Kartinani suratga olish ishlari shu yilning dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, filmga o‘zbekistonlik Muhamad Ali Iskandarov rejissyorlik qiladi.

Filmda bosh rol ishonib topshirilgan aktyor Ulug‘bek Qodirov bu katta sharaf va mas’uliyat ekanini aytgan.

“Filmda vatanimiz qahramoni, jasur inson Mamadali Topivoldiyev  rolini o‘ynayotganimdan nihoyatda faxrlanaman. Bu men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Ushbu rol mening II jahon urushi haqida olinayotgan filmdagi ilk ishtirokim, birinchi tajribam. Biroz hayajondaman. Rolga tayyorgarlikni allaqachon boshlaganman”.  

Ulug‘bek Qodirov millat qahramoni qiyofasini ishonchli yaratish u uchun muntazam ravishda sport zalida jiddiy shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qilgan.

Xabarda qayd etilishicha, “Listapad” kinofestivalida ishtirok etayotgan O‘zbekiston  Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi va “Kazbek” filmi ijodiy jamoasi suratga olish rejalashtirilgan joylarda bo‘lib, film qahramonlari uchun kostyumlar tanlashda ham ishtirok etgan.

Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga ko‘ra qo‘shma loyihaning umumiy qiymati 2 million dollarni tashkil etmoqda. Bu mablag‘ “O‘zbekfilm” va “Belarusfilm” kinokompaniyalari tomonidan teng ulushlarda to‘lanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Mamadali Topivoldiyev 1919 yilning 3 sentyabr kuni Farg‘ona Viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. II jahon urushi va Belarusdagi partizanlar harakati qatnashchisi. “Chekist” partizan brigadasida 5-otryadining razvedka bo‘limi komandiri bo‘lgan. U jang maydonlarida ko‘p marotaba jasorat ko‘rsatgan va 1944 yil 15 avgustda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Mamadali Topivoldiyevning jang maydonlaridagi nomi “Kazbek” bo‘lib, daraxtlarga xanjar yordamida mana shu nomni yozish orqali o‘zidan iz qoldirgan va fashistlar qalbiga qo‘rquv solgan. Gitler jangchilariga Kazbekning boshi uchun 50 ming reyxmark miqdorida mukofot va’da qilingan. Urushdan so‘ng Mamadali Topivoldiyev Rishtondagi kolxozga raislik qilgan va 1969 yilning 6 may kuni vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ulug'bek Qodirov Kazbek Mamadali Topivoldiev

Baholaganlar

448

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar