Ulardan 600 ga yaqini turar-joyga muhtoj – Ombudsman mehribonlik uyi bitiruvchilari haqida
Jamiyat
−
01 aprel 2021
3466O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 fevralida Namangan shahridagi 26-sonli mehribonlik uyiga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlarni bevosita ko‘zdan kechirgan edi.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan suhbatlashib, ularning baxtli bo‘lishlari uchun doimiy asos yaratish haqida o‘ylayotganliklarini ta’kidlagandi.
“Bu yerni tamomlagandan keyin uy bilan ta’minlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni ko‘rish nasib etsin”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini kelajakda uy-joy bilan ta’minlash va zurur sharoitlarni yaratib berish muhim. Ammo ba’zi mas’ul shaxslar ushbu holatga jiddiy yondashmagani sababli bugun davlat qaramog‘idagi bolalarni uy-joy bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolar kun mavzusiga aylanmoqda.
Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash masalasini kompleks o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova 2020 yilda uning boshchiligida olib borilgan monitoring tashriflari va mana shu tashriflar davomida “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini turar joy bilan ta’minlanishi borasida kamchiliklar borligini tanqid ostiga oldi.
“Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvar holatiga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini 610 nafari turar-joy bilan ta’minlangan, 578 nafar esa bugungi kunda ham turar joyga muxtoj bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, 2020 yil davomida, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga turar-joy berilmagani yoki berilgan turar joylar uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi borasida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan”, deydi Aliya Yunusova.
Shu bilan birgalikda Bola huquqlari bo‘yicha vakil yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini uy-joy bilan ta’minlamaslik, ularni doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘ta olmasligi va ish joyi bilan ta’minlanishida ham muammolar yuzaga kelishi haqida aytib o‘tdi. Uy-joy bilan bog‘liq kelib tushgan murojaatlarga asosan murojaatchilar bilan tuman yoki shahar hokimi ishtirokida suhbatlar o‘tkazilgan.
“Achinarlisi, suhbat davomida turar joy bilan ta’minlash uchun mablag‘lar yo‘qligi (yetishmasligi)ni vaj qilib keltirishmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2010 yil 11 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, budjet mablag‘larini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘ida ushbu masala o‘zining yechimini topgan”, deya qo‘shimcha qildi Aliya Yunusova.
Yig‘ilish davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ushbu sohani kompleks o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha olib boriladigan chora-tadbirlar muhokama qilinib, joriy yil 5 mayga qadar ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilishi kelishib olindi.
Ro‘zimurod Berdiyev
LiveBarchasi