Ukrainaning me’mori Leninmi? Putinning iddaosiga tarix qanday javob qiladi?
Tahlil
−
22 fevral 2022
40304Kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z fuqarolariga yo‘llagan murojaatida Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi (SSSR) asoschisi Vladimir Ilich Lenin Ukraina davlatining me’mori ekani va Ukraina hech qachon o‘zining haqiqiy davlatchiligiga ega bo‘lmaganini iddao qildi.
“Shuni ham tushunish kerakki, Ukraina aslida hech qachon o‘zining haqiqiy davlatchiligining barqaror an’analariga ega bo‘lmagan. 1991 yildan boshlab u ham tarixdan, ham Ukraina realligidan ajralgan xorijiy modellarni mexanik nusxalash yo‘liga o‘tdi.
Bolsheviklar siyosati natijasida Sovet Ukrainasi paydo bo‘ldi, uni bugungi kunda ham haqli ravishda “Vladimir Ilich Lenin nomidagi Ukraina” deb atash mumkin, u uning muallifi va me’moridir, bu arxiv hujjatlari, shu jumladan Leninning Donbassni Ukrainaga tiqishtirish to‘g‘risidagi qattiq buyruqlari bilan tasdiqlangan”, degan Putin ruslarga murojaatida.
Rossiya rahbarining bu so‘zlarini eshitgan Ukraina tarixchilari hayratdan yoqa ushlashgan bo‘lsa, ajab emas. Axir, Ukrainaning ming yillik tarixi mavjud.
Aslida Rossiya davlatchilik tarixi Ukraina yerlaridan boshlangan emasmi? Haqiqatan ham Lenin Ukraina davlatining me’morimi? Bugungi maqolamizda Ukraina davlatchilik tarixiga nazar tashlaymiz.
Sharqiy slavyan xalqlarining tarixi
Slavyan xalqlarining kelib chiqishi tarixi bir bo‘lib, ular Yevropadagi xalqlarning eng yirik guruhi hisoblanadi. Slavyan xalqlari uch qismga bo‘lingan. Sharqiy slavyanlar (rus, ukrain, belarus), G‘arbiy slavyanlar (polyaklar, chexlar, slovaklar, lujichanlar), Janubiy slavyanlar (bolgarlar, serblar, xorvatlar, slovenlar, makedonlar, bosniyaliklar, chernogoriyaliklar). Bu xalqlar qadimdan Sharqiy Yevropa yerlarida istiqomat qilgan.
980 yilda Vladimir Svyatoslavich Sharqiy slavyan qabilalarini yagona davlatga birlashtirdi. Shu tariqa, Kiyev Rusi deb nomlangan yangi bir davlat paydo bo‘ldi. Bu mamlakat tarkibiga hozirgi Belarus, Ukraina, Rossiya, qisman Polsha va Litva hududlari kirgan.
XIII asrning 30-yillarida o‘zaro ichki urushlar natijasida anchayin zaiflashib qolgan Kiyev Rusiga mo‘g‘ullar bostirib kirdi. 1240 yilning dekabr oyida Jo‘jixonning ikkinchi o‘g‘li Botuxon Kiyevni ishg‘ol qiladi va bu yerlarni Oltin O‘rda davlatiga qo‘shib yubordi. Mo‘g‘ullar rus knyazliklariga ichki ishlarda mustaqillik berdi. Biroq knyazlar Oltin O‘rda xazinasiga har yili boj va kerak bo‘lganda harbiy qo‘shin yuborishi zarur edi.
Oltin O‘rdaning inqirozi
XIII asrning 80-yillarida Moskva va Tver knyazligi kuchga to‘lib, rus yerlarini mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilish uchun o‘zaro kurash boshladi. Bu kurashda Moskva knyazligi g‘olib bo‘ldi. Shu vaqtda G‘arbda yangi bir kuch qad rostladi. Buyuk Litva knyazligi G‘arbdagi zaiflashib qolgan rus knyazliklarini asta-sekin o‘ziga bo‘ysundirdi. Ular dastlab Belarus yerlarini egallab oldi. 1324 yilda Buyuk Litva knyazi Gegemin bir vaqtlar Kiyev Rusining poytaxti bo‘lgan Kiyev shahrini egalladi. 1362 yilda Olgerd Gediminovich Oltin O‘rda qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratib, hozirgi Janubiy Rossiya va Ukrainaning katta qismini o‘z tasarrufiga oldi.
1382 yilda Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon Moskvani egallab, uni boj to‘lashga majbur etdi. Shu tariqa sharqiy, markaziy va shimoliy rus knyazliklari mo‘g‘ullar, janubiy va g‘arbiy rus knyazliklari esa Buyuk Litvaning ta’sir doirasiga tushib qoldi. Shu vaqtdan boshlab Sharqiy slavyan xalqlarining bo‘linishi yuz berdi.
1395 yilda Shimoliy Kavkazdagi Tarak daryosi bo‘yidagi jangda Sohibqiron Amir Temur Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonni mag‘lubiyatga uchratdi. Amir Temurning bu g‘alabasi rus knyazliklariga katta foyda keltirdi. Sababi Sohibqiron To‘xtamishxon ustiga qilgan yurishi Oltin O‘rdani anchayin zaiflashtirdi.
1480 yilda Oltin O‘rda xoni Moskvaga yurish qildi. Biroq bu hujum muvaffaqiyatsiz kechdi. Moskva knyazi Ivan III mo‘g‘ullarning rus yerlaridagi istibdodiga chek qo‘ydi. Shundan so‘ng Oltin O‘rda zaiflashib, parchalanib ketdi.
XIV asrning oxirlariga kelib, kuchga to‘lgan Buyuk Moskva knyazligi G‘arb tomon anchayin kengayib bordi. Litva knyazligi dushmanga qarshi kurashish maqsadida Polsha qirolligi bilan birlashdi. Shunda Polsha Litvadan Ukraina yerlarini olib qo‘ydi. Litva knyazligining tarkibida Litva, Novgorod va Vitebsk yerlari qoldi. Bu hududlar hozirgi Belarus yerlari hisoblanadi.
Bir xalqning uchga bo‘linishi
Ukraina knyazligi slavyan polyaklarining ta’siri ostida rivojlandi. Shu vaqtdan boshlab, Ukraina hududida alohida millat shakllandi. Ayni chog‘da esa Moskva knyazligida zamonaviy Rossiya davlati va rus millati vujudga kelayotgan edi. Oqibatda bir vaqtlar yagona xalq bo‘lgan Sharqiy slavyan xalqlari uch millatga bo‘linib ketdi.
1547 yilda Moskva knyazligining taxtiga Ivan IV Grozniy o‘tirdi. U o‘z oldiga Kiyev Rusi knyazligini qayta tiklashni maqsad qildi. Ivan IV birinchi navbatda Qozonni egallash uchun uch marta yurish qildi. Nihoyat, 1552 yilda Qozon zabt etildi. 1554 yilda Astraxan rus qo‘shinlari tomonidan egallandi.
Rossiya imperiyasi davrida Ukraina
XVI asrning boshlarida Polsha qirolligi Moskvaga yurish qilib, shaharni egallab oldi. Biroq rus xalqi polyaklarni haydab chiqardi. Shundan so‘ng, Maykl Romanov iqtidorga kelib, Romanovlar sulolasiga asos soldi. Yangi qirol Moskva atrofidagi birlashgan rus knyazliklarining aholisini “velikorus” deb atashni buyurdi.
Imperator Pyotr I amalga oshirgan islohotlardan so‘ng, Rossiya anchayin kuchga to‘ldi. Bu vaqtda Polsha qirolligi avvalgi qudratini yo‘qotgandi. Polsha shimolda Shvetsiya, g‘arbda Prussiya, janubda Avstriya va sharqda Rossiya bilan kurashishga majbur bo‘ldi. 1783 yilda Rossiya imperiyasi Qrim xoqonligini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. 1795 yilda esa Polsha yerlari uch davlat Prussiya, Rossiya va Avstriya o‘rtasida bo‘lib olindi. Keyin esa Ukrainaning Shimoliy yerlari Rossiya imperiyasining tasarrufiga o‘tdi. Mamlakatning G‘arbiy qismi Avstriya-Vengriya tomonidan nazoraga olindi.
Ukrainani bosib olgan Rossiya imperiyasi bu yerlarda ruslashtirish siyosatini olib bordi. Xususan, Pyotr I va Yekaterina II ukrain tili va davlatchiligini yo‘q qilishga qaratilgan izchil siyosatni ilgari surdi. Chunki, Rossiya imperiyasi o‘zini Kiyev Rusining haqiqiy davomchisi deb hisoblardi.
1876 yilda imperator Aleksand II ukrain tilida kitob nashr etilishini taqiqladi. Bu esa o‘z navbatida Ukraina aholisiga yoqmadi. Ular ruslarni yomon ko‘ra boshladi. Ruslar ham ukrainlarni davlat ishlariga jalb qilmaslikka harakat qildi. Ukrainlar o‘zlarining bu darajada kamsitilayotganlaridan norozi bo‘lishdi va Kiyev Rusining haqiqiy avlodi ukrainlar ekanligini ta’kidlashdi. Bunga ukrain tilining qadimgi Kiyev Rusi tiliga o‘xshashligi isbot sifatida keltirildi. Biroq, buni tan olishni istamagan Rossiya imperiyasi ukrain ziyolilarini ta’qib qildi. Buning natijasida, ko‘plab aql-zakovat egalari Avstriya-Vengriya tasarrufida bo‘lgan mamlakatning G‘arbiy qismiga qochib o‘tdi. Shu sababli bugungi kunda Ukrainaning G‘arbiy yerlari mamlakatning madaniy markazi hisoblanadi.
Ukraina davlatining tashkil topishi
1917 yil fevral inqilobidan so‘ng, Rossiyada podshoh hukumati ag‘darildi. Aleksandr Kerenskiy boshchiligida Muvaqqat hukumat tuzildi. 1917 yil 19 mart kuni Kiyevda yuz ming kishilik namoyish bo‘lib o‘tdi. Mitingga chiqqanlar Ukraina davlatchiligini tiklash va o‘z taqdirini o‘zi belgilash kerakligini talab qildi. Shoshib qolgan Muvaqqat hukumat Ukrainada milliy tilda so‘zlashish va bolalarga ona tilida dars berishga ruxsat berdi. Ko‘p o‘tmay Ukraina oliy organi hisoblangan Markaziy Rada tashkil topdi. U Peterburgdagi Muvaqqat hukumat bilan avtonomiya masalasida kelishuvlar boshladi.
Rossiyadagi talato‘plar vaqtida Ukraina mustaqil bo‘lish uchun otni qamchiladi. 1917 yilning noyabr oyida Markaziy Rada Ukraina Xalq Respublikasi tashkil topganini e’lon qildi. Biroq, Bolsheviklar bunga qarshi chiqdi. Natijada ikki o‘rtada urush boshlandi. 1918 yil 9 yanvar kuni Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Bu vaqtda qizil armiya Ukraina chegarasini kesib o‘tayotgan edi. Janglarda Ukraina milliy ozodlik kuchlari yengildi va mamlakat qizil imperiya nazoratiga o‘tdi. 30 yanvar kuni sovetlarining IV qurultoyida, Donetsk va Krivoy Rog Sovet Respublikasi tarkibidagi avtonom Respublika deb e’lon qilindi. Biroq, bir oydan keyin ushbu ikki avtonom Respublika Ukraina Sovet Respublikasining tarkibiga qo‘shib yuborildi.
1920 yilda Ukraina to‘liq Sovet Ittifoqining tarkibiga kiritildi. Biroq, Ukraina xalqi ruslarga nafrat ko‘zi bilan qarar edi. 1930-1937 yillarda olib borilgan qatag‘on siyosati natijasida, ko‘plab ukrainalik yozuvchi va ziyolilar jismonan yo‘q qilindi. Bu esa xalqning qalbidagi nafrat oloviga benzin sepganday bo‘ldi.
1941 yil 21 iyun kuni Germaniya Sovet Ittifoqiga qarshi urush e’lon qildi. Nemis armiyasi Ukraina hududiga kelganida, mahalliy xalq ko‘chaga chiqib, nemis askarlarini gul bilan kutib oldi. Bundan bilish mumkinki, ukrainlar ruslarni tarixdan yomon ko‘rgan. Biroq, Ikkinchi jahon urushida Germaniya mag‘lubiyatga uchradi. Ukraina yerlari Sovet armiyasi tomonidan egallandi. 1954 yilda Ukraina to‘liq SSSR tarkibiga kiritildi.
Ukrainaning mustaqilligi
80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshiga kelganda, Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi aniq bo‘ldi. SSSR rahbari Mixail Garbachyov olib borgan “qayta qurish” siyosatining ilk yillaridayoq mamlakat ichida millatlararo munosabatlar keskinlashdi. Shunday bir chigal vaziyatda, aniqrog‘i, 1991 yil 24 avgust kuni aholi soni va sanoat jihatidan Sovet Ittifoqida ikkinchi o‘rinda turgan Ukraina o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Faqat uning mustaqilligi SSSR parchalanganidan so‘ng tan olindi. Tez orada Rossiya va Ukraina o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatildi. Biroq, ko‘p vaqt o‘tmasdan ikki davlat ayrim masalalar bo‘yicha kelisha olmadi. Bular:
Birinchi – hududiy chegarani belgilash masalasi. Ukraina va Rossiya o‘rtasida harbiy strategik jihatdan o‘ta muhim hisoblangan Qrim yarimoroli va Sevastopolga kim egalik qilishi masalasida ziddiyat yuzaga keldi. Rossiya bu yerlarni o‘ziga qo‘shib olmoqchi bo‘ldi. Sababi, SSSR davrida Sevastopol to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremlga bo‘ysunardi. Biroq, Ukraina bunga qarshilik qildi.
Ikkinchi – Rossiya va Ukraina SSSRning Qora dengizdagi flotiga kim egalik qilish masalasida kelisha olmadi.
Uchinchi – Ukraina geografik jihatdan ikki sivilizatsiya kesishgan nuqta (Ukrainaning G‘arbi katolik sivilizatsiyasi, Sharqi esa pravoslav sivilizatsiyasi osti)da joylashgandi. Mana shu omil yuzasidan Sharqiy mintaqa aholisi rus tiliga davlat tili maqomini berishni so‘radi. Hatto, Rossiyaga qo‘shilishni so‘raganlar ham bo‘ldi.
Bu kelishmovchiliklar o‘z-o‘zidan ikki davlat o‘rtasidagi muammolarni vujudga keltirdi. Albatta bu boshqa mavzu.
LiveBarchasi